Italiyada Etna vulqoni uyg‘ondi
Italiyaning Sitsiliya orolida Etna tog‘idan vulqon otildi. Bu haqda ANSA axborot agentligi mamlakat Milliy geofizika va vulqonshunoslik instituti (INGV)ga tayanib xabar berdi.
Kul ustuni 10 km balandlikka yetdi va vulqon changi markaziy otilish nuqtasi janubi-sharqiga joylasha boshladi.
INGV vulqon hodisasi bilan bog‘liq eng yuqori (qizil) aviatsiya xavf kodini e’lon qildi.
Kataniya Fontanarossa aeroportida parvoz jadvali cheklangan. Rasmiylar yetib kelgan reyslar soni soatiga oltitagacha qisqartirilishi va aeroportning bir qismi yopilishini ma’lum qildi.
Etna – Yevropa qit’asidagi eng faol vulqon bo‘lib, balandligi 3 000 metrdan oshadi.
Ulkan kul va lava otilgan 2023 yil dekabridan buyon jim turgan vulqon iyul boshida yana jonlanib, vaqti-vaqti bilan faollashmoqda.