Italiyada 1 million yevro yutuq chiqqan lotereya chiptasi axlat orasidan topildi
Italiyaning Apuliya mintaqasida yashovchi bir ayol terminaldan kelgan “almashtirib bo‘lmaydi” mazmunidagi xabar tufayli 1 million yevro yutuq chiqqan lotereya chiptasini ko‘chaga tashlab yubordi. Aslida mashina shunchaki bunday katta yutuqni oddiy do‘kondan olib bo‘lmasligini ta’kidlagan.
Xatosini anglagan ayol zudlik bilan chiqindini boshqarish xizmatiga murojaat qildi. Bu vaqtga kelib, chipta allaqachon axlat tashuvchi mashinada edi. Shunga qaramay, ishchilar tegishli transport vositasini aniqlab, chiptani 24 soatdan ko‘p vaqt davomida qidirib, chiqindi titkilashdi.
Omadli qog‘oz oxir-oqibat butun topildi. Chiqindini boshqarish kompaniyasi direktori so‘zlariga ko‘ra, g‘olib xabarni eshitib, quvonchdan yig‘lab yuborgan. Shuningdek, juvon qidiruv xarajatini qoplashga rozi bo‘lgan.
S.Rahimov, O‘zA