Italiya Parlamenti vakili O‘zbekistondagi islohotlar natijalarini yuqori baholadi
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari yanada mustahkamlanib, hamkorlik aloqalari kengayib bormoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov va Italiya Respublikasi Parlamenti Deputatlar palatasi deputati, “Italiya – O‘zbekiston” do‘stlik guruhi rahbari Fabritsio Bensoni boshchiligidagi delegatsiyaning uchrashuvida bu alohida e’tirof etildi. Mazkur uchrashuv doirasida ikki mamlakat parlamentlari do‘stlik guruhlarining yig‘ilishi ham o‘tkazildi.

Muloqotda keyingi yillarda ikki davlat rahbarlarining o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlari tufayli ko‘p qirrali hamkorlik aloqalari kengayayotgani, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik yuqori bosqichga chiqayotgani alohida qayd etildi.
Shuningdek, parlamentlararo muloqotni yanada faollashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklik, sun’iy intellekt sohasida qo‘shma loyihalar, ilm-fan va ta’lim almashinuvi, madaniy-gumanitar yo‘nalishlar hamda turizm sohasida imkoniyatlarni kengaytirish masalalari bo‘yicha ham o‘zaro fikr almashildi. Parlamentlararo hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi ta’kidlanib, bu yo‘nalish nafaqat ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashi, balki parlament a’zolari o‘rtasida tajriba almashish imkonini yaratishi qayd etildi.

O‘z navbatida, F.Bensoni samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan muvozanatli, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat, keng ko‘lamli islohotlar va ularning natijalarini yuqori baholadi.
Shuningdek, delegatsiya rahbari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif unda chuqur taassurot qoldirganini, bu inshoot o‘zbek xalqining boy tarixi, jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasini yorqin namoyish etish barobarida o‘sib kelayotgan yosh avlod uchun buyuk ajdodlar merosini o‘rganishda katta maktab bo‘lishini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlashda parlament a’zolari ishtirokini kuchaytirish, qonun loyihalarini ishlab chiqishda tajriba almashish, uchrashuvlarni jonli muloqot shaklida har yili kamida bir marotaba tizimli o‘tkazib borish, parlament tadqiqotlari yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida joriy yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan 12-Global yoshlar parlamenti forumi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlarining amalga oshirilishiga qaratilgan 3-umumjahon forumiga Italiya delegatsiyasi taklif qilindi.
M.Komilova,
O‘zA