IT oʻquv markazi ish boshladi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ellikqalʼa tumanida IT oʻquv markazi ish boshladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ellikqalʼa tumanida IT oʻquv markazi ish boshladi.
Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati OʻzA muxbiriga maʼlum qildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda tuman hokimi Seydamat Avezov, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boshqarmasi boshligʻi Timur Bayekeyev, IT oʻquv markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi filiali direktori Madiyar Yelmuratov va boshqalar ishtirokchilarni davlatimiz mustaqilligining 29 yilligi bayrami va yangi oʻquv markazining ochilishi bilan qutladi.
Zarur texnologik vositalar bilan jihozlangan markazda yoshlarga axborot texnologiyalari va elektron tijorat sohasida innovatsion tadbirkorlik asoslari oʻrgatiladi. Shuningdek, axborot texnologiyalari sohasida startap loyihalarini qoʻllab-quvvatlashning zamonaviy hamda samarali mexanizmlarini yaratish, kompyuter texnologiyalari, dasturlash, robototexnika va kibersport asoslarini oʻrgatish uchun barcha sharoit yaratilgan.
IT oʻquv markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi filiali direktori Madiyar Yelmuratovning taʼkidlashicha, markaz quvvatidan samarali foydalanish maqsadida yoshlardan tashqari davlat va xoʻjalik organlari, tadbirkorlik subyektlari va aholi uchun axborot texnologiyalari yoʻnalishida kunduzgi va kechki oʻquv kurslari tashkil etiladi.
Tadbir ishtirokchilari yangi markazda yoshlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.