IT-dasturchi “temir odam” emas
Toshkent Xalqaro Vestminster universitetida (TXVU) “Ayol tadbirkorlarning texnologik imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 11 sentyabrdagi “Innovatsion faoliyatni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror ijrosini ta’minlash hamda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida tashkil etildi.
Mazkur universitet bitiruvchisi va muvaffaqiyatli IT-dasturchisi Durdona Bahronova ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Durdona AQSHning yetakchi texnologik firmasida ishlaydi va ko‘plab yosh dasturchilar, ayniqsa ayollar uchun murabbiyga aylangan.

Durdona Bahronova o‘z taqdimotida dasturiy injiniring va bu sohadagi xodimlar kompaniyalar uchun qanchalik qimmatli ekanligiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, dasturiy ta’minot muhandisi hamma narsani o‘zi yaratadigan “temir odam” emas. Bunda jamoaviy madaniyat juda muhimdir. Yaxshi dasturiy ta’minot muhandisi uchun to‘rt turdagi ko‘nikmalar zarur – texnik ko‘nikmalar, kuch, ta’sir, aloqa va yetakchilik.
Shuningdek, talabalar tomonidan berilgan “IT sohasida ayol kishining ishlashi qiyin emasmi?” mazmunidagi savolga Durdona shunday javob berdi:
– Albatta, ayol kishi uchun hech bir kasbni mukammal egallash oson bo‘lmaydi. Shaxsan men uchun IT sohasida yo‘nalish tanlash qiyin bo‘lgan. Bu soha juda serqirra bo‘lgani bois boshida qaysi yo‘lni tanlashga ikkilanganman. Tajribam ortgani sayin maqsadim ham aniqlashgan va o‘z yo‘limni tanladim. Menga murojaat qilgan qaysidir ayolning savoliga aniq javob berib, uni to‘g‘ri yo‘ldan borishiga ko‘mak bergan bo‘lsam, shuning o‘zi ham katta yordam, deb bilaman. Maqsadim, IT sohasida o‘zbek ayollarining faolligini oshirishdan iborat.

Ta’kidlash joizki, Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti talabalari va bitiruvchilari innovatsiyalar va tadbirkorlik sohasida kuchli tajribaga ega bo‘lib, ular so‘nggi paytlarda ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Masalan, “Iqtisodiyot” yo‘nalishi talabasi Mohinur Botirova o‘zining “Ye-Med” startap loyihasi bilan “O‘zbekiston uchun 100 g‘oya” tanlovining finalida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ayni paytda Mohinurning loyihalari amaliyotga joriy qilinmoqda.
Shu bilan birga, universitet doimiy ravishda istiqbolli yangi iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha turli kurslar va platformalarni yaratmoqda.

Universitet jamoasining maqsadi Markaziy Osiyo va xalqaro miqyosda hamjamiyatlarning intellektual, ijtimoiy va kasbiy rivojlanishiga hissa qo‘shadigan xalqaro standartlardagi ta’lim va tadqiqot imkoniyatlarini taqdim etishdan iborat.
Nigora Rahmonova, O‘zA