Istiqbolli loyihalar samaralari
Qoraqalpog‘iston Respublikasining janubiy tumanlarida suv resurslarini boshqarishni yaxshilash va 100 ming gektar sug‘oriladigan yerni oqar suv bilan ta’minlashga yo‘naltirilgan yangi loyiha amalga oshirilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining janubiy tumanlarida suv resurslarini boshqarishni yaxshilash va 100 ming gektar sug‘oriladigan yerni oqar suv bilan ta’minlashga yo‘naltirilgan yangi loyiha amalga oshirilmoqda.Jahon banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “Janubiy Qoraqalpog‘istonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi doirasida To‘rtko‘l, Ellikqal’a va Beruniy tumanlarida 2021-yilgacha 376,7 million dollar miqdoridagi ishlar bajarilishi rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida Bo‘ston kanalining 35 kilometr qismini yangidan qurish, yana shuncha qismini qayta tiklash, 160 kubometr suv o‘tkazish quvvatiga ega O‘ngqirg‘oq kanalining 31 kilometri va Paxtaarna kanalining 27,5 kilometrini qayta tiklash, 375 kilometrlik xo‘jaliklararo kanallar va gidrotexnik inshootlarni qurish, qayta tiklash va ta’mirlash ishlari bajariladi. Suv taqsimotini nazorat va hisob-kitob qiluvchi zamonaviy avtomatik texnologiyalar joriy etiladi.
Loyihaning amalga oshirilishi natijasida Ellikqal’a tumaniga qarashli 33,2 ming, Beruniy tumanidagi 34 ming hamda To‘rtko‘l tumani hududidagi 32,8 ming – jami 100 ming gektardan ortiq sug‘oriladigan yerlarga Bo‘ston kanali orqali tabiiy oqim bilan suv yetkazib beriladi.
– Bu hududda har yili 269 million kubometr suvni tejash imkonini beradi, – deydi “Janubiy Qoraqalpog‘istonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi koordinatori O‘ktam Ro‘zimov. – Ayni paytda Tuyamo‘yin suv omboridan ushbu tumanlarga “Do‘stlik”, “Qilchinoq”, “Nayman-Beshtom” kabi yirik va yana 20 ga yaqin mayda nasos stansiyalari orqali suv yetkazib berilmoqda. Ularni ishlatish uchun juda katta miqdorda elektr energiyasi sarflanadi. Loyiha amalga oshirilgach, bunday ortiqcha elektr sarflanishiga barham beriladi. Shuningdek, fermer xo‘jaliklaridagi 450 dan ortiq kichik nasoslar to‘xtatiladi. Natijada yiliga 15 milliard so‘mlikka yaqin elektroenergiya va undan foydalanish xarajatlari iqtisod qilinadi. 3 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.
Loyiha doirasida yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, paxta yetishtirishda yuqori agrotexnik texnologiyalarni qo‘llash, paxta hosilini yig‘ib-terib olishni mexanizatsiyalash darajasini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, loyiha amalga oshirilgach, paxta maydonlari qisqaradi va uning o‘rniga meva-sabzavot yetishtirish 15-20 foiz ko‘payadi. Salkam 50 gektar yerda tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yiladi. Ishni qayta tashkil etish asnosida mahsulotlar eksportini ko‘paytirish va 500 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.