Istiqbolli loyihalar muhokama etildi
Boyovut tumanida Xitoy Xalq Respublikasi investorlari bilan istiqbolli hamkorlik loyihalari yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.
Avval xabar berilganidek, joriy yilning 4–11-may kunlari Boyovut tumani hokimi Niyoz Hazratqulov boshchiligidagi delegatsiya Xitoyga xizmat safari bilan borib, qator investitsion uchrashuvlar o‘tkazgan edi. Mazkur tashrif davomida erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlash maqsadida xitoylik sarmoyadorlar Boyovut tumaniga tashrif buyurishdi.
Tashrif doirasida “Dinjiang Tianshan Huang Fieye Technology Co LTD”, “Wujiaqu Huifeng Water Saving Agricultural Technology Co LTD”, “Liu Shi Dahan” hamda “Zhejiang Wansheng Yunhe Ganglan” kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv va muzokaralar tashkil etildi.
Muzokaralarda tumanning investitsion salohiyati, sanoatni rivojlantirish imkoniyatlari hamda istiqbolli loyihalar muhokama qilindi. Xususan, kaliy sulfatni qayta ishlash zavodi tashkil etish, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan polietilen mahsulotlar ishlab chiqarish, paxta yetishtirish va urug‘larni qayta ishlash korxonalarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek logistika markazi, mehmonxona va dam olish maskanlarini barpo etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, investorlarga Boyovut tumanida mavjud sanoat hududlari, infratuzilma imkoniyatlari hamda tadbirkorlik uchun yaratilgan imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, ushbu muzokaralar tuman iqtisodiyotiga yangi investitsiyalarni jalb etish, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish va amaliy loyihalarni ishga tushirish bo‘yicha kelishuvlarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri