Istiqbolli loyihalar amaliyotga
Milliy matbuot markazida «O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik jamiyati tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Milliy matbuot markazida «O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik jamiyati tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.“O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori o‘rinbosari N.Umarov va boshqalar mamlakatimizda qattiq yoqilg‘i ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilishga qaratilgan islohotlar samarasida sanoat korxonalari, ijtimoiy obyektlar va aholiga ko‘mir mahsulotlari o‘z vaqtida yetkazib berilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 30-dekabrdagi “Respublika aholisi va byudjet tashkilotlariga ko‘mir mahsulotlari yetkazib berish mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Bugungi kunda “O‘zbekko‘mir” aksiyadorlik jamiyatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda tashkil qilingan hududiy distribyutorlik markazlari hamda ularning ko‘mir omborlari faoliyat yuritmoqda.
«O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi korxonalar tomonidan har yili 4 million tonnaga yaqin ko‘mir qazib olinadi. Ko‘mir sanoati mamlakatimiz energetika tarmog‘ida yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. So‘nggi yillarda tarmoqda ko‘mir qazib olish va sotish hajmi barqaror oshmoqda, asosiy iqtisodiy va moliyaviy ko‘rsatkichlar o‘sib bormoqda.
Joriy yilning 1-martigacha "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyatiga temir yo‘l tashuvlari uchun amaldagi preyskurant stavkalarining 50 foizi miqdoridagi chegirma berilishi hisobiga aholi uchun ko‘mirning chakana narxi 13 foizga kamaytirildi. "Ko‘mir sanoatini 2017-2021-yillarda rivojlantirish va modernizatsiya qilish" bo‘yicha dastur loyihasi ishlab chiqildi, unga ko‘ra, umumiy qiymati 690,5 million dollarlik 6 investitsion loyiha amalga oshiriladi.
Shuni ta’kidlash joizki, bosqichma-bosqich uchta konning ishga tushirilishi natijasida 2017-yilda ko‘mir qazib olish hajmi 3,92 million tonnaga yetkaziladi.
Istiqbolli investitsion loyihalarining amalga oshirilishi O‘zbekiston ko‘mir sanoatini yangi rivojlanish bosqichiga ko‘taradi, uning ishlab chiqarish salohiyatini oshiradi, bu iqtisodiyot tarmoqlari va aholini qattiq yoqilg‘i bilan barqaror hamda uzluksiz ta’minlash imkonini beradi.