Istiqbolli investitsiya loyihalari muhokama qilindi
Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan “Hududlar kooperatsiyasi — Belarus va O‘zbekiston iqtisodiy hamkorligining drayveri” mavzusidagi O‘zbekiston va Belarus hududlarining III forumi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri V.Jollibekov va Nukus tumani hokimi Z.Zaytov Minsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari V.Sisoyev bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazishdi.
Muloqot chog‘ida Qoraqalpog‘iston Respublikasida, jumladan, Nukus tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli investitsiya loyihalari, sanoatni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan tashabbuslar yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv davomida Nukus tumani sanoat zonasi va Minsk ochiq iqtisodiy zonasi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolandi. Shundan so‘ng Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi Grodno viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Yuriy Karayev bilan uchrashdi. Unda tomonlar Grodno viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy sohalar to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Shu bilan birga Nukus va Grodno tumanlari o‘rtasidagi o‘tgan yilgi kelishuv yanada davom etishi qayd etildi.

Uchrashuvlar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish, investitsiya loyihalarini amaliy bosqichga olib chiqish va hududlar o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini yanada rivojlantirish borasida kelgusida ham yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Tashrif davomida Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi Belarus Respublikasi hududida qurilish materiallari ishlab chiqarish, sanoat va boshqa korxonalarda bo‘lib, u yerdagi ish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri