Iste’molchilar huquqlari himoyasi kuchaytiriladi
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi majlisida “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Qonun bilan tovardagi nuqsonlarni uning tashqi ko‘rinishi orqali aniqlash imkoni bo‘lmagan hollarda tovar sifatini qo‘shimcha tekshirishning huquqiy asoslari, tartibi va muddatlari belgilanmoqda. Xususan, tovarning sifatini qo‘shimcha tekshirish zarur bo‘lgan hollarda uni almashtirib berish muddati iste’molchi talab qo‘ygan paytdan e’tiboran yigirma kun etib belgilanmoqda.
Iste’molchining tekshiruv jarayonida ishtirok etish, uning o‘tkazilish vaqti va joyi haqida oldindan xabardor qilinishini talab qilish hamda tovar sifatini o‘z mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha tekshirtirish huquqlari ham mustahkamlanmoqda.

Majlisda Boshqaruv servis kompaniyalari va uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.
Senatorlar ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda aholiga sifatli kommunal xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususidagi axborotni eshitdi.
Bugungi kunda respublikamizdagi ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, sohaga zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Xususan, ko‘p kvartirali uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash, ichki muhandislik tarmoqlarini ta’mirlash, lift xo‘jaligini modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish hamda sohani raqamlashtirish bo‘yicha qator amaliy choralar ko‘rilgan.
“Mening uyim” axborot billing tizimi, boshqaruv organlarining elektron reyestri hamda boshqa raqamli platformalarni joriy etish orqali sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Muhokama chog‘ida senatorlar tomonidan aholini sifatli kommunal xizmatlar bilan ta’minlash, boshqaruv tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish, raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
N.Abduraimova,
O‘zA