Iste’molchilar huquqlari himoyasi dolzarb masalaga aylanmoqda
Raqobat qo‘mitasiga kelib tushayotgan murojaatlar soni iste’molchilar huquqlarini himoya qilish masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatmoqda.
So‘nggi yillarda ushbu sohaga oid murojaatlar soni sezilarli darajada oshib bormoqda. Xususan, Raqobat qo‘mitasiga 2023-yilda qariyb 19 ming, 2024-yilda 28 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich qariyb 53,5 mingga yetgani kuzatilmoqda.
Murojaatlar sonining oshishi, bir tomondan, iste’molchilarning o‘z huquqlarini himoya qilish borasidagi faolligi ortib borayotganini anglatsa, ikkinchi tomondan, ayrim tadbirkorlik va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan qonunchilik talablariga to‘liq amal qilinmayotgani, tovar va xizmatlar sifatiga doir muammolar mavjudligidan dalolat beradi.
Zero, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 65-moddasida mamlakat iqtisodiyoti turli mulk shakllariga tayanishi, davlat tomonidan halol raqobat uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi hamda iste’molchilar huquqlarining ustuvorligi ta’minlanishi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy himoyasi kafolatlanishi, xususiy mulkning daxlsizligi alohida ta’kidlangan.
Shu munosabat bilan Raqobat qo‘mitasi mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha tadbirkorlik sub’ektlarini iste’molchilar huquqlariga hurmat bilan yondashishga, mahsulot va xizmatlar sifati, shuningdek, shaffof raqobat tamoyillariga qat’iy rioya etgan holda faoliyat yuritishga chaqiradi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA