Iste’molchilar huquqlari doimiy himoyada
1983 yildan buyon butun dunyoda Xalqaro iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni keng nishonlanadi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan brifing va davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda «O‘zstandart» agentligi, Toshkent shahar Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Toshkent shahar Sanitariya- epidemiologik osoyishtalik markazi, Toshkent shahar «Davlat ekologik ekspertiza markazi» DUK va iste’molchilar vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Saidamin Sodiqov 2020 yilda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan so‘z yuritdi.
[gallery-1569]
– Agentlikka respublika miqyosida 2020 yil davomida jami 5060 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ulardan 1821 tasi kommunal sohadagi muammolar, 1235 tasi savdo va umumiy ovqatlanish, 1215 tasi transport va aloqa xizmatlariga tegishli. Reklama sohasida 591 ta hamda 108 tasi boshqa sohalarga to‘g‘ri keladi. Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida (jami 5 490 567 978 so‘m ) qayta hisob - kitob qilingan hamda ularning buzilgan huquqlari qayta tiklanishi ta’minlangan.
Davra suhbatida aholini savdo va qonunchilik hujjatlariga binoan belgilangan haq - huquqlari haqida xabardor qilish, bu sohada mavjud muammolar va ularning huquqiy yechimi,iste’molchilarning bilimi va savodxonligini oshirish yuzasidan olib borilgan ishlar sanab o‘tildi. bugungi kunda agentlikda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida 1159 raqamli ishonch telefoni faoliyat ko‘rsatmoqda.
Hurmatli iste’molchi, huquqlaringiz buzilgan hollarda agentlikning yuqoridagi qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilsangiz, albatta, huquqlaringiz himoya qilinadi.
Fayzullo Yahyoyev,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA