Iste’molchilar huquqi: sud qo‘mita qarorini o‘z kuchida qoldirdi
Qonun ustuvor bo‘lgan joyda adolat qaror topadi. Ayniqsa, iste’molchilar huquqini himoya qilish bilan bog‘liq masalalarda qabul qilingan qarorlarning sud instansiyalari tomonidan qonuniy deb topilishi tizimdagi ochiqlik va mas’uliyatni yanada mustahkamlaydi.
Toshkent shahar ma’muriy sudi taftish instansiyasida “Hunarmand” MCHJ tomonidan Qo‘mita Maxsus komissiyasining qarori, Toshkent tumanlararo ma’muriy sudining hal qiluv qarori hamda Toshkent shahar ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasining qarorlarini bekor qilish yuzasidan berilgan taftish tartibidagi shikoyati ko‘rib chiqildi.
Raqobat qo‘mitasi Maxsus komissiyasi qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi mazkur shikoyatlar avval tumanlararo ma’muriy sud hamda apellyatsiya instansiyasida ham ko‘rib chiqilib, ularni qanoatlantirish rad etilgan edi.
Taftish instansiyasi tomonidan ham Qo‘mita Maxsus komissiyasining qarori hamda quyi sudlar qarorlari o‘z kuchida qoldirildi.
Raqobat qo‘mitasi Maxsus komissiyasi tomonidan “Hunarmand” MCHJning “Toshkent – Xatirchi” yo‘nalishida avtobusda yo‘lovchi tashish xizmatida “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasi birinchi qismi, 19-moddasi birinchi qismi va 21-moddasi ikkinchi qismi talablarini buzgani aniqlangan.
Shunga ko‘ra, iste’molchilardan ortiqcha olingan 700 million so‘mdan ziyod mablag‘ni qaytarish yuzasidan ko‘rsatma berilgan edi.
N.Rahmonova,
O‘zA