Iste’molchiga yetkazilgan zarar sudda undirildi
Qashqadaryoda iste’molchilarni qiynab kelayotgan ko‘plab muammolar sud tartibida o‘z yechimini topmoqda. Jumladan, tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida 34 ta holatda iste’molchilarning manfaatlari himoya qilindi. Sudlarga kommunal soha, elektr energiyasi va gaz ta’minotida iste’molchilar duch kelayotgan muammolarga oid da’vo arizalari kiritilgan bo‘lib, fuqarolarga yetkazilgan 141 million 706 ming so‘mlik zarar sud tartibida qayta hisob-kitob va bekor qilinishi ta’minlandi.
Xususan, Koson tumani "Mug‘jagul" mahallasida yashovchi fuqaro Komil Ravshanov «Kosontumangaz» idorasi tomonidan xonadoniga noqonuniy qarzdorlik hisoblanayotganini ma’lum qilgan. Murojaatni o‘rganish jarayonida K.Ravshanovning xonadoniga o‘rnatilgan hisoblagich inobatga olinmasdan 4 million 382 ming so‘m qarzdorlik asossiz hisoblangani aniqlandi va qarzdorlik sudda iste’molchining hisobidan chiqarilishi ta’minlandi.
Shuningdek, fuqaro Ruslan Umarovning murojaatida qayd etilishicha, «Kosontumangaz» idorasi iste’molchiga 7 million 934 ming so‘m asossiz qarzdorlik hisoblagan. Qarzdorlikni bekor qilish yuzasidan tuman jamiyati tomonidan sudga da’vo arizasi kiritilgan, ammo sud majlisida tuman gaz idorasidan hech kim ishtirok etmadi. Sud esa iste’molchining talabini qanoatlantirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Yuqoridagi kabi iste’molchilarning qonuniy haq-huquqlarini mensimaslik holatlari, ta’minotchi va iste’molchi o‘rtasida xizmat ko‘rsatish shartnomalari mavjud emasligi, har ikki tomonning sohaga oid qonunchilikdan bexabarligi va e’tiborsizlik oqibatida kelib chiqmoqda.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA