Iste’molchi huquqi: sifatsiz kabellar almashtirildi
Namangan viloyati iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish, yozma va og‘zaki murojaatlarini ijobiy hal etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bunga yaqinda Mingbuloq tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga fuqaro M.M. tomonidan kelib tushgan murojaat hamda uning natijasi misol bo‘ladi.
Murojaatda qayd etilishicha, ayolning xonadoniga shu yil mart oyida tadbirkor tomonidan 30 kVt quvvatga ega quyosh paneli o‘rnatilgan. Biroq oradan ikki oy o‘tib, kabellarda nosozlik yuzaga kelgan. Kabellar sifatsizligi sababli erib ketgan va buning oqibatida quyosh paneli elektr energiyasi ishlab chiqarishdan to‘xtagan.
Fuqaro ushbu holat yuzasidan tadbirkor bilan bog‘lanib, muammoni tushuntirgan. Ammo, kichik biznes sub’ekti vakili kabellarni sifatlisiga almashtirib berishdan bosh tortgani sababli.iste’molchi amaliy yordam so‘rab, jamiyatga yozma ariza qoldirgan.
Mazkur murojaat tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan o‘rganildi. Jarayon davomida tadbirkor bilan bog‘lanib, fuqaroning xonadoni holat yuzasidan ko‘zdan kechirildi.
Shundan so‘ng, quyosh paneliga ulangan kabellar haqiqatdan ham sifatsiz ekani aniqlanib, yetkazib beruvchi tomonidan ular sifatli kabellarga almashtirildi va fuqaroning murojaati ijobiy hal etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.