Iste’molchi huquqi — qonun himoyasida
Bugungi kunda aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish, iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash va ularning buzilgan huquqlarini tiklash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Xatirchi tumani Ko‘ksaroy mahallasida yashovchi fuqaro Ye.O. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi Xatirchi tuman jamiyatiga murojaat qilib, o‘zining buzilgan huquqlarini tiklashda amaliy yordam so‘ragan.
Murojaatda qayd etilishicha, fuqaro tuman markazidagi “Oltinoy” savdo do‘konidan 15 million 360 ming so‘mga muddatli to‘lov asosida elektroskuter xarid qilgan. Biroq xariddan so‘ng, ko‘p o‘tmay transport vositasi umuman ishlamay qolgan.
Fuqaro muammoni hal etish maqsadida savdo markazi xodimlariga murojaat qilganida, uning talablari tegishli tartibda ko‘rib chiqilmagan. Shu sababli u tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
Murojaat o‘rganilishi jarayonida savdo markazi mas’ul xodimlariga iste’molchining qonuniy huquqlari tushuntirilib, mavjud muammoni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Natijada elektroskuter bepul ta’mirlab berildi.
Yana bir murojaat Xatirchi tumani Dehqonobod mahallasida yashovchi fuqaro N.M. tomonidan yo‘llangan. U O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining 1091 raqamli “Ishonch telefoni”ga murojaat qilib, tuman markazidagi “Hamroh” savdo do‘konidan 7 million so‘mga muddatli to‘lov asosida konditsioner xarid qilganini ma’lum qilgan.
Xariddan so‘ng konditsionerning yaxshi sovutmasligi va boshqa nosozliklar aniqlangan. Ayniqsa, issiq kunlarda qurilmaning talab darajasida ishlamasligi oila a’zolariga qator noqulayliklar tug‘dirgan. Murojaat qilgan fuqaro muammoni hal etishda amaliy yordam so‘ragan.
Mazkur murojaat ham mas’ul xodimlar tomonidan atroflicha o‘rganildi. Savdo markazi vakillariga iste’molchining huquqlari tushuntirilib, muammoni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi. Natijada 7 million so‘mlik konditsioner yangisiga almashtirib berildi va fuqaroning qonuniy talabi qanoatlantirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri