Iste’dodli yoshlar yana Zominda
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri rahbarligida 2026-yil 30-iyun kuni o‘tkazilgan 124-sonli majlis bayonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida iste’dodli yosh ijodkorlarning 1997-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan an’anaviy “Zomin seminari”ni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi.
Bugun seminar ishtirokchilari Zomin tumani markazida milliy an’analarimizga xos samimiyat va ko‘tarinki ruhda, karnay-surnay sadolari ostida tantanali kutib olindi. Mehmonlar sharafiga “Meronshoh” tantanalar majmuasida tushlik dasturxoni yozilib, dildan suhbat qurildi.
Tadbir qatnashchilarini O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi rahbari Mehribon Abdurahmonova, Zomin tumani hokimi Alisher Abdug‘aniyev, Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Dilmurod Xudoyshukurov, mahalliy yosh ijodkorlar, jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari samimiy qarshi oldilar.
[gallery-30288]
Shundan so‘ng O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Said boshchiligida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va mamlakatimizning barcha viloyatlaridan tashrif buyurgan seminar ishtirokchilari Zomin tumanining O‘riklisoy dam olish maskanida joylashgan Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli damolish sihatgohiga kuzatib qo‘yildi. Aynan shu maskanda 7–9-iyul kunlari an’anaviy ijodiy anjumanning asosiy tadbirlari bo‘lib o‘tadi.
Uch kunlik dastur doirasida saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 76 nafar yosh ijodkor, ijod maktablarining 45 nafar iqtidorli o‘quvchisi hamda “Yosh vatandosh yozuvchi” loyihasi asosida xorijiy mamlakatlardan taklif etilgan o‘zbek tilida ijod qiluvchi yosh qalamkashlar ishtirokida adabiy muloqotlar, mahorat darslari, ijodiy uchrashuvlar, she’riyat kechalari, davra suhbatlari va ustoz-shogird an’analariga bag‘ishlangan bahs-munozaralar tashkil etiladi.
Ko‘p yillardan buyon adabiy hayotning muhim an’anasiga aylangan “Zomin seminari” yosh ijodkorlarning badiiy mahoratini yuksaltirish, ularning ijodiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, iste’dodlarni kashf etish va ularni mamlakatimiz adabiyotining zabardast vakillari bilan yaqindan muloqot qilishda o‘ziga xos ijod maktabi vazifasini o‘tab kelmoqda.
Bugun kechga yaqin sihatgoh hududida seminarning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari