Iste’dodli yoshlar hududlarning oltin fondiga aylanadi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Yoshlari forumida mamlakatimizda qizlar tarbiyasi, iqtidorli qizlarni aniqlash, ularning o‘ziga xos qobiliyatlarini yuzaga chiqarishga ko‘maklashish xususida alohida to‘xtaldi.
Jumladan, Prezidentimiz nutqidagi:
“Yana bir muammo – joylarda iste’dodli bolalarning aksariyati o‘z qobiliyatini ro‘yobga chiqarish uchun tegishli sharoitga ega emas. Talantli yoshlarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joylardagi ishlar talab darajasida emas.
Misol uchun, qaysi hududdan qancha Zulfiyachi qizlar chiqdi? Nechtasi “Nihol” mukofoti sovrindori bo‘ldi? Qaysi yosh shoir yoki yozuvchining kitobi nashr etildi? Qaysi yosh talant respublika yoki xalqaro tanlovlarda, sport musobaqalari va fan olimpiadalarida g‘olib bo‘ldi?
Agar masalaga chuqurroq qaraydigan bo‘lsak, ertaga mana shunday yoshlar tuman yoki shaharning “oltin fondi”ga aylanadi va ular shu hududning obro‘sini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shuning uchun har qaysi tuman va shahar hokimiga 10-15 nafar mana shunday iste’dodli yoshlarni saralab, ularni har tomonlama tarbiyalash va muntazam rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish vazifasi topshiriladi”, degan so‘zlar yurtimizning barcha qizlarini yanada ruhlantiradi, desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Qolaversa, bunday e’tibor o‘z iqtidor va qobiliyatlarini yuzaga chiqarishda turli muammolarga uchrayotgan qizlarimizga keng imkoniyatlar eshigini ochib beradi.
Davlatimiz rahbarining yuqoridagi kabi umidbaxsh so‘zlaridan ruhlanib mahallamizda ham qizlar tarbiyasiga, shuningdek, ijodkor, faol, yetakchi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish hamda hunar o‘rganish ishtiyoqidagi qizlar bilan ishlash masalasiga alohida e’tibor qaratyapmiz.
Ayni kunda 4 ming 200 nafardan ziyod kishi yashayotgan mahallamiz aholisining salmoqli qismini yoshlar tashkil etadi. Uning ko‘pchiligi esa qizlardir. Mahallamiz qizlari orasidan Ra’noxon Amonova suzish bo‘yicha O‘zbekiston chempionligini, Muslima Egamberdiyeva raqs bo‘yicha, Madinabonu Sodiqova badminton bo‘yicha respublika tanlov va musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. To‘g‘ri, shu paytgacha qizlar bilan ish olib borar edik. Biroq, u nimaga qiziqadi, uning qanday iqtidori bor, o‘zi o‘qiyotgan ta’lim dargohida, sportda, san’atda qanday muvaffaqiyatlarga erishdi, unga qanday ko‘mak zarur, degan masalalarga ochig‘i unchalik e’tibor qaratmas edik. Prezidentimizning so‘zlaridan keyin ana shu yo‘nalishlarda ham tizimli ishlar olib borish kerakligini angladik.
Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining O‘zbekiston yoshlari forumidagi nutqi yoshlar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish, yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash, ularni hududimizning “oltin fondi”ga aylantirish borasida zimmamizga ulkan vazifalar qo‘yadi. Bundan buyon ana shu ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishni faoliyatimizning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylantiramiz.
Tabassum Isroilova,
Andijon shahridagi “Barkamol” MFY raisi.
O‘zA