Iste’dodli havaskor san’atkorlar o‘zaro bellashmoqda
Surxondaryo viloyatida “Iqtidor” maktab ansambli tanlovining tuman va shahar bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Oltinsoy tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi “Kelajak markazi” tashkiloti hamkorligida o‘tkazgan tanlovda umumta’lim maktablarining san’at sohasidagi eng iqtidorli 9-11 sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.


Ko‘rik-tanlov shartlariga ko‘ra, ta’lim muassasalarining 5-8 nafardan iborat yosh ijrochilari rubob, dutor, doira, nay kabi milliy cholg‘u asboblaridan foydalangan holda o‘z iste’dodlarini jonli ijroda keng namoyish etdi.




Havaskorlik jamoalarining izlanish va iste’dodlarini, ijro mahoratini tajribali hakamlar hay’ati munosib baholab borgan tanlov yakunida tumandagi 22-umumta’lim maktabi o‘quvchilari faxrli birinchi o‘rinni egallab, viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi. Ikkinchi o‘rin 12-maktab va uchinchi o‘rin 39-maktab jamoalariga nasib etdi.
G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri