Iste’dodli yoshlar – mamlakat kelajagi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 14-martdagi "O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari faoliyatini yanada takomillashtish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bilan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi belgilangan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 14-martdagi "O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari faoliyatini yanada takomillashtish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida akademik litsey va kasb-hunar kollejlari bilan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi belgilangan. Unda oliy ta’lim muassasalarining tajribali professor-o‘qituvchilarini akademik litseylarning pedagog kadrlariga patronaj sifatida biriktirish, akademik litsey o‘quvchilarining biriktirilgan oliy ta’lim muassasalari axborot-resurs markazlari va boshqa moddiy-texnik bazasidan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi S.Sirojiddinov nomidagi akademik litseyning mamlakatimizdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan yaqin hamkorligi bunga yorqin misoldir. Akademik litsey nafaqat Milliy universitet, balki Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari, Toshkent davlat yuridik, O‘zbekiston davlat jahon tillari, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetlari, Toshkent tibbiyot akademiyasi kabi qator oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Har yili ikki marotaba ochiq eshiklar kunida akademik litsey o‘quvchilari universitetlarga sayohat uyushtirib, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, imkoniyatlar bilan tanishadi. Ular universitetlarning zamonaviy laboratoriya xonalari, axborot-resurs markazlaridan foydalanmoqda.
Hamkorlik samarasida litseyda haftaning har chorshanba kuni "Akademiklar soati" darslari, professor-o‘qituvchilar ishtirokida aniq fanlar yo‘nalishida "Matematika – aql gimnastikasi" mavzuida davra suhbatlari tashkil etiladi.
– Milliy universitet akademiklari Azimboy Sa’dullaev va Mahmud Salohiddinov ta’lim muassasamizga biriktirilgan. Ular xalqaro fan olimpiadalarida qatnashadigan iqtidorli o‘quvchilar bilan individual shug‘ullanishadi, – deydi akademik litsey direktorining o‘rinbosari Marhabo Islomova. – Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan qarorida oliy ta’lim muassasalarining yuqori malakali professor-o‘qituvchilarini akademik litseylarda dars berishga kengroq jalb qilish maqsadida akademik litseylardagi o‘qituvchilik faoliyatiga soatbay haq to‘lash miqdori oliy ta’lim muassasalarida mehnatga soatbay haq to‘lash miqdoriga tenglashtirilgani professorlarimiz mehnatini qadrlashning yana bir ko‘rinishi bo‘ldi.
O‘tgan yili Gongkongda bo‘lib o‘tgan 57-xalqaro olimpiadada dunyoning 109 davlatidan 600 dan ziyod yosh matematik bahslashdi. Quvonarlisi, yuzlab yigit-qizlar orasida O‘zbekiston o‘quvchilari sovrindorlar qatoridan munosib o‘rin egalladi. Ular orasida ushbu akademik litsey o‘quvchisi Xurshid Jo‘rayev ham bor.
2011-yilda litsey o‘quvchisi Jasur Berdiqulov Gollandiyada bo‘lib o‘tgan 52-xalqaro matematika fan olimpiadasida qatnashib, masalani "Eng yaxshi g‘oya bilan yechish" nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan, tabiiy fanlar yo‘nalishi o‘quvchisi Nuriddin Risboyev kimyo fanidan 45-xalqaro Mendeleyev olimpiadasida muvaffaqiyatli ishtirok etgan. 2012-yilda 46-xalqaro Mendeleyev olimpiadasida litseyning iqtidorli o‘quvchilari Ravshan Olmosov kumush medal, Aziza Xoliqova bronza medal, Zebiniso Safarova diplom bilan taqdirlangan.
Ko‘p bora matematika fani bo‘yicha xalqaro olimpiadalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, O‘zbekiston yoshlarining nimalarga qodirligini ko‘rsatgan, “O‘zbekiston belgisi” nishoni sohibi Hakimboy Egamberganov ham shu litseyda o‘qigan.
– Akademik litseyda o‘qib yurgan kezlarimda Milliy universitet professori Azimboy Sa’dullaev matematika fanining murakkab jihatlari, masalaga o‘zgacha yondashish usullarini o‘rgatgan, – deydi Hakimboy. – Shuning samarasida 2014-yili X xalqaro olimpiadada ishtirok etib, oltin medalni qo‘lga kiritdim va imtiyozli ravishda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining mexanika-matematika fakultetiga o‘qishga qabul qilindim. Hozir o‘zim o‘qigan o‘sha qadrdon litseyga borib, matematika fani bo‘yicha jahon olimpiadasining bo‘lajak chempionlari bilan shug‘ullanmoqdaman.
2015-yili Tailandda o‘tkazilgan 56-xalqaro matematiklar fan olimpiadasida litsey o‘quvchilari Sardor Bozorboyev bronza medal, Ruslanbek Ozodboyev diplom bilan taqdirlangan.
– Bunday muvaffaqiyatlar zamirida faqat tinimsiz mehnat, izlanish, harakat, ota-onalar bilan samarali hamkorlik mavjud, – deydi litsey direktori Qahramon Ibodullayev. – Ta’lim muassasamizda "ustoz – shogird" an’anasi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lib, sinovlarsiz oliy ta’lim muassasalariga kirgan o‘quvchilarimiz ham darsdan so‘ng, albatta, litseyga kelib, ustozlariga yordam beradi.
Bugungi kunda mazkur akademik litsey aniq, tabiiy, ijtimoiy-gumanitar kabi yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatmoqda. Mingdan ziyod o‘quvchi tahsil olayotgan ta’lim dargohida 27 fan, 8 sport to‘garagi, 7 kichik olimpiada guruhi tashkil etilgan. Kimyo, fizika, biologiya va chet tili fanlari xonalari laboratoriya jihozlari, zamonaviy multimedia va komputer vositalari bilan ta’minlanishi yoshlarning chuqur bilim olishi, ilm-fanda yuksak marralarni zabt etishida muhim omil bo‘lmoqda.