Issiqxonani er osti suvi isitadi
Prezidentimiz rahnamoligida oziq-ovqat xavfsizligini, bozorlarda yil davomida narx barqarorligini ta’minlash va aholi dasturxoni doimo to‘kin-sochin bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida oziq-ovqat xavfsizligini, bozorlarda yil davomida narx barqarorligini ta’minlash va aholi dasturxoni doimo to‘kin-sochin bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda shaxsiy tomorqa xo‘jaliklaridan samarali foydalanishning ahamiyati beqiyos. Chunki qishloqda har bir xonadonning o‘z tomorqasi, shaxsiy yordamchi xo‘jaligi bor. Ushbu ekin maydonlaridan maqsadli foydalanilsa, nafaqat ro‘zg‘or uchun zarur qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish, balki ehtiyojdan ortganini bozorga chiqarib, daromad olish ham mumkin.Samarqand viloyatidagi 503 mingdan ortiq aholi xonadonining 59 ming 500 gektardan ziyod tomorqasi bor. Joriy yilda ushbu maydonning 11,5 ming gektariga kartoshka, 18,4 ming gektariga sabzavot, 3,2 ming gektariga poliz va 14,7 ming gektariga ozuqa ekinlari ekish rejalashtirilgan. Shuningdek, 1 million 185 ming tup mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqaziladi.
Viloyat hokimligi tomonidan tuzilgan aholi shaxsiy va dala tomorqalaridan samarali foydalanish, ularga talab etiladigan moddiy resurslarni yetkazib berish, sanitar holatini yaxshilash ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhlar har bir mahalla kesimida aholining qishloq xo‘jalik mahsulotlari urug‘ligi va daraxt ko‘chatlariga bo‘lgan ehtiyojini o‘rganib, ularni yetkazib berish choralarini ko‘rmoqda.
Oqdaryo tumanidagi Sug‘onchi mahallasi ahli ham tomorqadan samarali foydalanib, ro‘zg‘ori obodligini ta’minlab kelmoqda. Qishloq aholisi asosan sabzavot urug‘i va ko‘chat yetishtirish bilan shug‘ullansa-da, issiqxona tashkil etib, mo‘l hosil olayotgan oilalar ham ko‘p.
Shamsiddin Shixnazarov xonadoni ana shulardan biri. 15 sotix tomorqaga ega oila hovlining bir qismida tabiiy isitiladigan issiqxona qurib, limon va sabzavot yetishtirmoqda.
– Bizning hududda yer osti suvlari juda yaqin – 2-2,5 metrdan suv chiqadi, – deydi Shamsiddin aka. – Bunday sharoitda yerni qazib, issiqxona tashkil etish qiyin. Lekin buning ham foydali tomonlari bor. Ya’ni, yer yuzasida issiqxona qurib, uni yer osti suvi bilan isitish. Buni tajribada sinab ko‘rish uchun besh yil oldin hovlida 10x20 metrlik issiqxona qurdik va ustini ikki qavat qilib polietilen plyonka bilan yopdik. Issiqxonaning bir burchagidan 1x2 metr kenglikda 2 metr, yer osti suvigacha chuqur qazib qo‘ydik. Sovuq paytda suvdan ko‘tariladigan bug‘ bilan issiqxonada mo‘tadil haroratni saqlash mumkin ekan. Limon parvarishlashni bilmasam-da, kitobdan o‘qib-o‘rganganlarim asosida 10 tup limon ko‘chati ekdim. Parvarishini obi-tobida qilib, novdalarini kesib turdim. Mehnatimiz 2-3-yilda o‘z samarasini bera boshladi. Bu yil har bir daraxtdan 60-70 kilo hosil oldik.
Bu yilgi hosil yig‘ishtirib olingan limon daraxtlari ostidagi ochiq yerga Shamsiddin aka pomidor urug‘i sepgan. 20-30 kunda tayyor bo‘ladigan bu ko‘chat hovlidagi ikkinchi issiqxonaga ekiladi va shu tarzda erta bahorda bozorga pomidor chiqariladi.
– Mehnatdan qochmagan, imkoniyatini bilgan kishiga tomorqa haqiqiy xazina, – deydi Shamsiddin aka. – Oilamizning asosiy daromadini yerdan olamiz. Farzandlarim ham bekor qolmaydi, o‘qish va ishdan bo‘sh vaqtda, ertalab va kechqurun ozgina jismoniy mehnat qilib, yil bo‘yi uning huzurini ko‘ramiz, dasturxonimiz to‘kin. Muhimi, doimiy harakatda bo‘lganimiz tufayli tani-jonimiz sog‘. Farzandu nabiralarimiz bolaligidan mehnatga, yerdan samarali foydalanishga o‘rganmoqda.