Issiqxonalarda gaz ta’minoti yetarlimi?
Surxondaryo viloyati qishin-yozin sarxil oziq-ovqat mahsuloti yetishtirish uchun qulay muhitga ega. Bu imkoniyatdan oqilona foydalanayotgan tadbirkorlar yirik issiqxona barpo etib, kuz-qish mavsumida ham turli ziroat parvarishlashning hadisini olgan.
Keyingi yillarda issiqxona tashkil etib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan tadbirkorlarning har taraflama qo‘llab-quvvatlanayotgani dunyoda oziq-ovqat mahsulotlariga talab ortib borayotgan bir paytda mamlakatimizda ana shu turdagi mahsulotlar xavfsiziligini ta’minlashda muhim omil bo‘layotir. Vohada keyingi yillarda 16 ta zamonaviy yirik issiqxona bunyod etilib, turli oziq-ovqat mahsulotlari parvarishlanayotgani ham bunga yaqqol dalildir.

Kuz-qish mavsumi issiqxonalarni bir maromda yoqilg‘i bilan ta’minlash nafaqat tadbirkorlarning o‘z biznesini rivojlantirishi balki, bozorlarimizga uzluksiz tabiiy, arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishning eng samarali yo‘llaridan biridir. Xo‘sh, qish eshik qoqayotgan va issiqxonalardagi noz-ne’matlar hosili pishib yetilayotgan bir paytda ularni eng qulay yoqilg‘i–tabiiy gaz bilan ta’minlashning ahvoli qanday? Qishning sovuq kunlari issiqxonalarda gaz uzilishlari sodir bo‘lmaydimi?

–Prezidentimiz qishda ham noz-ne’mat yetishtirib, dasturxonlarimizni obod qilayotgan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun issiqxonalarni gaz ta’minotidan ogohlantirishsiz uzish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha tegishli topshiriq bergan edi, – deydi “Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali axborot xizmati rahbari Aziz Mashrapov. – Shunga muvofiq viloyatda tizimli ishlar olib borilmoqda. Barcha issiqxonalarga yetarli tabiiy gaz yetkazib berilmoqda. Vohamizda so‘nggi yillarda barpo etilgan yirik issiqxonalarning 14 tasi tabiiy gaz ta’minotidan foydalanadi. Chunki ko‘mir, solyarka kabi muqobil yoqilg‘ilarning hech biri gazning o‘rnini bosmaydi. Buning sababi tabiiy gazdan foydalanish mahsulotning sifatli va eksportbop yetilishini ta’minlaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Termiz tumanidagi “Gold agro Fresh” mas’uliyati cheklangan jamiyati 100 gektar maydondagi issiqxonada pomidor yetishtirmoqda. Issiqxona bir oyda o‘rtacha 2 million kub-metr gazdan foydalanadi. Gazchilar zamonaviy issiqxonada bo‘lib, bu yerda tabiiy yoqilg‘idan samarali foydalanish holatini o‘rgandi. Gaz taqsimlovchi uskunalarni ko‘zdan kechirdi. Tadbirkor va mutaxassislar bilan suhbatlashib, o‘zlarining taklif va tavsiyalarini berdi.

–Tabiiy gazdan foydalanib mahsulot yetishtirishning qator afzalliklari bor, – deydi “Gold agro Fresh” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ilhom Sulaymonov. – Mahsulot eksportbop bo‘lib pishadi. Gaz issiqxonani ko‘mir va boshqa muqobil yoqilg‘ilarga nisbatan tez isitib beradi. Gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotganimiz yo‘q. Aksincha, soha mutaxassislari kelib, hol-ahvol so‘rab turishibdi. Hosil pishib, yetilishi bilan Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi davlatlarga 7 ming tonna pomidor eksport qilishni rejalashtirganmiz. Buning uchun yetarli imkoniyat mavjud.
Termiz tumanidagi “Surxon Janub eksport” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 10 gektar maydondagi issiqxonasi ham mo‘l hosildan nishona bermoqda. Bu issiqxonada parvarishlanayotgan pomidorni bir maromda yoqilg‘i bilan ta’minlash uchun oyiga o‘rtacha 500 kub-metr tabiiy gaz sarflanadi. “Termizgazta’minot” korxonasi hududda faoliyat yuritayotgan ikkita yirik issiqxonaga yetarli miqdorda tabiiy gaz yetkazib bermoqda.

– Mazkur issiqxonalarda yetishtirilayotgan pomidor va bodringlarning sifatli pishib yetilishi uchun ob-havoning issiq yoki sovib qolishiga qarab, 1 million kub-metrdan uch million kub-metrgacha tabiiy gaz sarflanadi, – deydi “Termizgazta’minot” korxonasi bo‘limi muhandisi Ilhom Hayitov. – Ikkala issiqxona bilan ham mustahkam aloqa o‘rnatilgan. Mabodo kutilmagan uzilish bo‘lib qolgan taqdirda ham bu holat zudlik bilan bartaraf etiladi. Mavsumda gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi.
“Surxon Janub Eksport” mas’uliyati cheklangan jamiyati issiqxonasida uch yuzdan ortiq kishi mehnat qilmoqda. Ular serhosil va eksportbop navli bodring parvarishlab, pishib yetilgan mahsulotni ichki va tashqi bozorga peshma-pesh yetkazib beradi. Ma’murchiligimiz bunyodkorlari yil yakunigacha xorijlik buyurtmachilarga 5 million dollarlik 1 ming 800 tonna mahsulot eksport qilishni rejalashtirmoqda.
Viloyatning Sherobod, Angor, Denov, Sariosiyo, Oltinsoy kabi tumanlarida bodring, pomidor, bulg‘or qalampiri va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari parvarishlanayotgan issiqxonalarni ham kuz-qish mavsumida yetarli tabiiy gaz bilan ta’minlash uchun tegishli chora-tadbirlar belgilab olingan. Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar qish mavsumida ham bozorlarimizda narx-navo barqarorligi va dasturxonlarimiz to‘kinligini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri