Issiqlik quvvati ta’minotida nima o‘zgarmoqda? (+video)
So‘nggi yillarda issiqlik energetikasi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, eski, ko‘p xarajat qiladigan qozonxonalarni almashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu bejizga emas, albatta. Chunki, dunyoda yuz berayotgan yonilg‘i inqirozi bizning yurtni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Ana shunday sharoitda energotejamkor uskunalarni o‘rnatish, bir vaqtning o‘zida ham issiqlik manbai va elektr quvvati ishlab chiqaradigan kogeneratsion va trigeneratsiya texnologiyalarini joriy etish dolzarb ahamiyatga ega.
Bugungi kunda respublikada 16 610 ta ko‘p xonadonli uydagi 761 mingdan ortiq xonadon hamda 2 543 ta ijtimoiy soha ob’ekti markazlashgan issiqlik quvvati bilan ta’minlangan. Tizimda 555 ta qozonxona va 3 784 km issiqlik tarmoqlari mavjud.
So‘nggi yillarda sohani modernizatsiya qilish maqsadida 150 dan ortiq loyiha amalga oshirilib, 173 ta qozonxona va 1 274 km issiqlik tarmoqlarida qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari bajarildi. Natijada 3 800 dan ortiq ko‘p kvartirali uy va 371 ta ijtimoiy soha ob’ektining issiqlik ta’minoti yaxshilandi.
2026-yil investitsiya dasturi doirasida joriy yilning birinchi yarim yilligida 71.8 km issiqlik tarmoqlari qurildi, 19 ta isitish qozoni o‘rnatildi. Yil yakuniga qadar 153.7 km issiqlik tarmoqlari va 61 ta qozonni ishga tushirish rejalashtirilgan.
Muhimi, bugungi kunda issiqlik tarmoqlarini sun’iy intellekt asosida boshqarish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.
Sohadagi o‘zgarishlar va kelgusidagi rejalar xususida “Issiqlikta’minoti” AJ bo‘lim boshlig‘i Ulug‘bek Farhodov bilan suhbatlashdik.
- Issiqlik ta’minoti sohasida nimalar o‘zgardi?
- Issiqlik ta’minoti uzoq yillardan davomida e’tibordan chetda qoldi. Muhtaram Prezidentimizning oqilona siyosati tufayli 2025-yil 11-mart sanasida 100-sonli qarorlari qabul qilindi. Ushbu hujjatga asosan issiqlik ta’minoti sohasini tubdan isloh qilish, unga xalqaro tajribalarni jalb qilish, energiya resurslarini tejash maqsadida muqobil quvvatdan foydalangan holda energotejamkor uskunalarni joriy qilish bo‘yicha bir qator topshiriqlar belgilab berildi. Shu jumladan, respublika bo‘yicha issiqlik bilan ta’minlanganlik darajasini 37 % dan 57 %gacha ko‘tarish, issiqlik yo‘qotishlarini 20%gacha qisqartirish, xalqaro hamkor tashkilotlarning investitsiya mablag‘larini jalb qilib, rivojlangan davlatlar tajribasi asosida issiqlik ta’minoti tizimlarini tashkillashtirish, umuman xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish orqali aholi roziligiga erishish bo‘yicha topshiriqlar belgilab berilgan. (davomi videoda)
<iframe width="1335" height="751" src="https://www.youtube.com/embed/4MEXcdQjcsg" title="Issiqlik quvvati ta’minotida nima o‘zgarmoqda?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA