Issiq havo sharoitida energetika tizimlari barqarorligi qanday ta’minlanadi?
Haroratning me’yordan yuqori ko‘tarilishi energetika tizimlari uchun qo‘shimcha sinovlarni yuzaga keltirmoqda. Xususan, yoz faslida havoni sovitish ehtiyojining ortishi aholi va korxonalarning elektr energiyasi iste’molini ko‘paytiradi. Natijada nafaqat elektr energiyasiga bo‘lgan talab, balki uni ishlab chiqarish quvvatlari va energetika infratuzilmasiga tushadigan yuklama ham sezilarli darajada oshadi.
Xalqaro energetika agentligining “Electricity Mid-Year Update 2026” sharhiga ko‘ra, 2026-yilda jahonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab 3,6 foizga, 2027-yilda esa yana 3,8 foizga oshishi kutilmoqda. XEA bu o‘sishni sanoatning rivojlanishi, elektromobillar va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari sonining ko‘payishi bilan bir qatorda, konditsionerlar va issiqlik nasoslaridan foydalanish kengayayotgani bilan ham izohlaydi.
Mazkur tendensiya mavsumiy yuqori yuklama davrlarida yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, issiq to‘lqinlari kuzatilganda sovitish qurilmalaridan foydalanishning keskin ortishi elektr tarmoqlariga qo‘shimcha bosim yuzaga keltiradi. Shu bilan birga, yuqori harorat energetika ob’ektlarining ishlash sharoitlariga ham ta’sir qilishi mumkin. Masalan, havo haroratining oshishi, suv resurslarining holati va boshqa tabiiy omillar elektr energiyasi ishlab chiqarish texnologiyalarining samaradorligiga turlicha ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli, tizimning yuqori yuklama sharoitida ishonchli ishlashini ta’minlash uchun texnik va loyihaviy yechimlarni oldindan hisobga olish muhim.
Bu yondashuvni atom energetikasi misolida ham ko‘rish mumkin. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Yadro energiyasi agentligi (NEA) ma’lumotlariga ko‘ra, issiq havo va qurg‘oqchilik kabi ekstremal sharoitlar atom elektr stansiyalarining ekspluatatsiyasiga ta’sir qilishi mumkin. Bunday holatlarda stansiyaning barqaror ishlashi, avvalo, uning joylashuvi, mahalliy iqlim va gidrologik sharoitlar, shuningdek, loyihalash bosqichida tanlangan texnik yechimlarga bog‘liq bo‘ladi.
“Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovning qayd etishicha, yuqori harorat sharoitida AESlarning sovitish tizimlari ish rejimiga alohida e’tibor qaratish talab etiladi. Shu bilan birga, bunday sharoitlar atom energetikasi uchun favqulodda holat emas, balki stansiyalarni loyihalash va ekspluatatsiya qilishda oldindan hisobga olinadigan mavsumiy omillardan biridir.
– Rossiyadagi atom elektr stansiyalarining iqlim sharoitlari juda xilma-xil, shu jumladan, ekstremal holatlar ehtimoli ham hisobga olingan holda loyihalashtiriladi va ekspluatatsiya qilinadi.
Bizda shimoliy hududlarda joylashgan Kolskaya va Bilibino AESlari, shuningdek, suzuvchi atom elektr stansiyasi mavjud. Shu bilan birga, mo‘tadil iqlim sharoiti uchun mo‘ljallangan loyihalardan tashqari, issiq va qurg‘oqchil hududlarda ekspluatatsiya qilishga moslashtirilgan stansiyalar va loyihalar ham bor. Bunga Misrdagi “El-Dabaa” AESini misol qilish mumkin. Har bir loyiha muayyan maydonning xususiyatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqiladi. Bunda havo harorati, gidrologik sharoitlar, shamol rejimi, suv ta’minoti, seysmik xususiyatlar va boshqa tabiiy omillar inobatga olinadi.
Yuqori harorat sharoitiga moslashishning amaliy misollaridan biri Rossiyadagi eng janubiy Rostov AESidir. Bu hududda yoz faslida havo harorati 40 darajadan oshishi, tuproq harorati esa 60 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Stansiya to‘liq quvvatda ishlay boshlagach, eng issiq davrlarda 3 va 4-sonli energobloklarda texnik suv haroratining maqbul ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lishi aniqlangan.
Shundan so‘ng muammoni bartaraf etish maqsadida ventilyatorli sovitish minoralaridan iborat qo‘shimcha majmua barpo etildi va 2021-yilda foydalanishga topshirildi. Ular asosiy sovitish minoralari bilan birgalikda ishlab, eng issiq davrlarda issiqlik almashinuvini kuchaytiradi. Bu esa energoblok quvvatini pasaytirmagan holda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini barqaror saqlash imkonini beradi. Hozirda 4-sonli energoblok uchun ham xuddi shunday majmua qurilishi yakunlanmoqda. Uni 2027-yilda sanoat ekspluatatsiyasiga topshirish rejalashtirilgan, – deya ta’kidlagan Aleksey Lixachyov.
Aytish joizki, AESlarni turli iqlim sharoitlarida ekspluatatsiya qilish tajribasi energetika ob’ektlarining barqarorligida loyihalash bosqichida qabul qilingan qarorlar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, tashqi sharoitlar o‘zgargan taqdirda, stansiya joylashgan maydonning amaldagi parametrlarini hisobga olgan holda ayrim tizimlarni modernizatsiya qilish tufayli qo‘shimcha moslashuv choralari ko‘riladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA