Isroilda namoyish avj oldi
Isroilning yirik shaharlari ko‘chalarida hukumatga qarshi minglab namoyishchilar saf tortdi. Olomon 7-oktabr voqealari yuzasidan mustaqil tergov o‘tkazilishini talab qilmoqda.
Quddus, Tel-Aviv va Xayfa kabi yirik shaharlari fuqarolari ishtirokida hukumat siyosatiga qarshi norozilik aksiyasi kuchaydi. Bu haqda TASS xabar bergan. Namoyishchilar Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi Vazirlar mahkamasi faoliyatini keskin tanqid qilib, 2023-yil 7-oktabr kuni sodir bo‘lgan HAMAS hujumi sababini xolis o‘rganish uchun mustaqil davlat komissiyasi tuzishni talab qilmoqda. Tel-Avivdagi qo‘zg‘olonda yetakchilikni “Kurash tashkilotlari forumi” va fojia qurbonlari yaqinlarini birlashtirgan “Oktyabr kengashi” singari jamoatchilik harakatlari o‘z zimmasiga olgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil kuzidagi qurolli hujum oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgan, 250 ga yaqin odam garovga olingan. O‘shanda Isroil G‘azo sektoriga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlagan va bu harakat hamon davom etyapti.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA