Isroilda milliy motam kuni e’lon qilindi
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Merondagi fojiadan keyin yakshanba kuni mamlakatda milliy motam e’lon qildi. Xabarda aytilishicha, fojia sababli 150 kishi jarohat olgan, 44 kishi halok bo‘lgan.
"Merondagi falokat Isroil davlatida yuz bergan eng ayanchli fojialardan biridir. Men yakshanbani milliy motam kuni, deb e’lon qilishni taklif etaman", — dedi Netanyaxu videomurojaatida.
Hodisa Meron tog‘ida yahudiylarning Lag ba-Omer diniy bayrami nishonlanayotganda sodir bo‘ldi. 100 mingdan ziyod kishi to‘plangan joyda tiqilinch yuz bergan. Harbiylar jarohatlanganlar va halok bo‘lganlarni evakuatsiya qilishda ko‘maklashmoqda.