Isroil Livanga havodan hujum uyushtirdi
Isroil harbiy samolyotlari Livan janubidagi Nabatiya viloyatiga bir necha hujum amalga oshirdi. Guvohlar aytishicha, zarbalar aholi yashaydigan hududlarga yaqin joylarga berilgan.
Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotida bir kishi halok bo‘lgani, sakkiz kishi, jumladan bolalar ham jarohat olgani keltirildi.
Mamlakat Bosh vaziri Nuvaf Salom bunday hujumlarni zudlik bilan to‘xtatishni talab qildi. Uning fikricha, yahudiy davlati 2024 yil 27 noyabrda tuzilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini, qolaversa BMT Xavfsizlik Kengashi 1701-sonli rezolyutsiyasini buzmoqda. Mulozim hududlardan Isroil qo‘shinini olib chiqish harakati davom etishini bildirdi.
Axborot vaziri Pol Markus Isroil yuqorida eslatilgan kelishuvni jami 2 740 marta buzgani, hujumlar natijasida 190 kishi halok bo‘lgani va 485 odam yaralanganiga e’tibor qaratgan.
M.Sayfullayev, O‘zA