Isroil – Hizbulloh: navbatdagi qurbon
Livan tomoni Hizbulloh matbuot kotibi Muhammad Afif Isroilning Bayrut markaziga uyushtirgan hujumi oqibatida vafot etganini tasdiqladi. Mamlakat milliy axborot agentligi xabariga ko‘ra, yakshanba kuni aholi zich joylashgan Ras an-Naba mahallasidagi Baas siyosiy partiyasi qarorgohiga havodan zarba berilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi 14 kishi yaralangani, jami to‘rt inson hayotdan ko‘z yumganini ma’lum qildi. Boshqa qurbonlarning shaxsi oshkor qilinmagan.
Ma’lumki, XAMAS tashkiloti rahbarlari birin-ketin o‘ldirilmoqda. Guruhning jamoatchilik yuzi sifatida e’tirof etiladigan, faoliyatini davom ettirib turgan kam sonli mulozimlardan biri bo‘lgan Afifni oxirgi marta o‘tgan dushanba kuni matbuot anjumanida ko‘rishgan. Uning o‘limi haqidagi xabar kecha kechqurun tasdiqlandi.
Suriya Prezidenti Bashar Al-Asad boshchiligidagi Baas partiyasi Livandagi bo‘limi bilan birga Hizbullohning ko‘p yillik ittifoqchisi hisoblanadi. Partiyaning Livandagi qarorgohi Bayrutning g‘arbiy va sharqiy qismini shahar markazi va janubiy chekkadan o‘tuvchi aeroport yo‘li bilan bog‘laydigan gavjum markaziy chorraha yonida joylashgan.
Voqealar rivojlangani sari Isroil Hizbullohning harbiy amaldorlaridan tashqari, boshqa mansabdorlarini ham nishonga olayotgani ko‘pchilikda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Zero, Hizbulloh parlamentda vakillari, hukumatda vazirlari bor siyosiy darajadagi harakat.
Oldinroq Bayrut markazidagi Mar Elias ko‘chasida sodir bo‘lgan hujum oqibatida ikki inson halok bo‘lgani, 13 kishi yaralangani ma’lum qilingan edi. O‘tgan hafta Isroil harbiylari o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha AQSH boshchiligidagi yangi sa’y-harakat asnosida Livanga hujumni kuchaytirdi.
2023 yil 7 oktyabrda XAMASning Isroilga hujumidan so‘ng Hizbulloh falastinliklarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida raketa zarbalarini kuchaytirdi. Shundan keyin Isroil o‘n minglab ko‘chirilgan aholini mamlakat shimoliga qaytarmoqchiligini aytdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘shandan beri Livanda 3 400 dan ko‘p odam nobud bo‘ldi. Isroil shiddatli havo kampaniyasini boshlagach, kamida 2 600 kishi janub tomonga qochdi. 1,2 million odam uy-joyini tashlab ketdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA