Ispaniyaliklar O‘zbekistonning turizm salohiyati bilan tanishmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi va Ispaniyaning mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida 30-martdan 13-aprelga qadar bir guruh ispaniyalik sayyohlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab press-tur o‘tkazilmoqda.
Xususan, ispaniyalik sayyohlar Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahrining tarixiy obidalari va zamonaviy majmualariga tashrif buyurmoqda.
Qolaversa, press-tur davomida taniqli ispaniyalik tadqiqotchi va fotosuratchi Pablo Martines Munez boshchiligidagi ijodiy guruh yurtimizning madaniy merosi va bugungi taraqqiyotiga bag‘ishlangan mediakontent tayyorlamoqda. Ushbu materiallar asosida fotoalbom yaratish, fotoko‘rgazmalar o‘tkazish, shuningdek ispan tilida “Amazon Music” va “Spotify” kabi xalqaro platformalarda joylashtiriladigan ikkita podkast tayyorlash rejalashtirilgan.

Sayyohlar XIX asrda ijod qilgan fransiyalik fotosuratchi Pol Nadarning Turkistonga tashriflari bilan bog‘liq arxiv hujjatlarini ham o‘rganmoqda. To‘plangan ma’lumotlar asosida mintaqamiz tarixiga oid maxsus ilmiy maqolalar chop etish ko‘zda tutilgan.
Mazkur loyiha O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qilish, madaniy va gastronomik turizmni rivojlantirish hamda mamlakatimizning sayohatlar uchun istiqbolli yo‘nalish sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA