Ispaniya Milliy kutubxonasida Galileyning beshta kitobi yo‘qolgan
Ispaniya Milliy kutubxonasida Galileo Galileyning bitta emas, naq beshta kitobi yo‘qolgani ma’lum bo‘ldi, deb xabar beradi RIA Novosti mamlakat madaniyat vazirligi bergan ma’lumotga tayanib.
Mart oyining o‘rtalarida mamlakat bosh kutubxonasidan 1610 yilda nashr qilingan Sidereus Nuncius traktati g‘oyib bo‘lgani aniqlandi. Kutubxona xodimlari 2014 yilda ushbu nodir asarning asl nusxasi qalbakisiga almashtirilganini bilib qolgan, lekin politsiyaga 2018 yilda xabar qilgan, ommaga esa yaqinda ma’lum bo‘ldi.
Tekshiruvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, kutubxonada bazaga kiritilgan qariyb 15 mingta kitob va hujjatlarni topishning imkoni bo‘lmayapti. Ularning katta qismi 1980-1990- yillarda yo‘qolgani ma’lum bo‘ldi. 1987 yilda kutubxonada o‘g‘irlik sodir etilgan edi, yo‘qolgan kitoblarning aksariyat qismi ushbu voqea bilan bog‘liq, deyiladi Milliy kutubxonaning aprel oyi hisobotida.
Yo‘qolgan kitoblar orasida Galileyning bitta emas, naq beshta kitobi ham borligini maxsus tashkil etilgan komissiya aniqlagan.
Xabarda aytilishicha, barcha yo‘qolgan kitoblarning ro‘yxati Milliy politsiyaga topshirilgan.