ISO Bosh Assambleyasi: O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro nufuzli tadbirda qatnashmoqda
Parij shahri dunyo standartlashtirish jarayonlarining markaziga aylandi. Joriy yilning 28-sentabr – 2-oktabr kunlari Fransiya poytaxtida Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO)ning navbatdagi Bosh Assambleya yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
Nufuzli xalqaro tadbirda O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari ham munosib ishtirok etmoqda. Mazkur nufuzli anjumanda xalqaro standartlashtirish tizimini rivojlantirish, global iqtisodiy jarayonlarda standartlarning o‘rni hamda o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar ko‘rib chiqilmoqda.

Xususan, yig‘ilish davomida xalqaro standartlarni ishlab chiqish va qo‘llashning zamonaviy yondashuvlari, sohadagi ilg‘or xorijiy tajribalarni ommalashtirish va amaliyotga tatbiq etish, shuningdek, dunyo mamlakatlarining xalqaro standartlashtirish jarayonlaridagi ishtirokini yanada kuchaytirish kabi muhim yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston vakillarining ushbu nufuzli anjumandagi faol ishtiroki mamlakatimiz uchun strategik ahamiyat kasb etadi. Bu jarayon milliy standartlashtirish tizimini xalqaro talablarga moslashtirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish hamda xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, ISO Bosh Assambleyasi – dunyo miqyosidagi standartlashtirish siyosatini belgilovchi eng asosiy platformalardan biri bo‘lib, unda qabul qilinadigan qarorlar global savdo-iqtisodiy aloqalar va sifat menejmentiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA