Ishsizlar bandligi ta’minlanmoqda
Prezident topshirig‘i amalda
Prezidentimizning Toshkent viloyatiga qilgan tashrifida ishsizlikni kamaytirish, aholi daromadini oshirish bo‘yicha muhim topshiriqlar belgilandi. Hozirda, topshiriqlarni samarali hal etish bo‘yicha viloyatning barcha hududlarida sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Birinchi navbatda 78,9 ming nafar ishsizni yil yakuniga qadar turli yo‘nalishlarda bandligi ta’minlash choralari ko‘riladi. Jumladan, “Sayxunobod tajribasi” asosida 7,8 mingta mikro-loyihani amalga oshirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan 300 milliard so‘mdan ortiq moliyaviy resurslar hisobiga 34 ming nafar aholining bandligi ta’minlanadi.

“Uychi tajribasi” bo‘yicha esa tijorat banklari va mahalliy hokimliklar tomonidan har haftada tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Ularning muammolarini hal etish, faoliyatini kengaytirish hisobiga 33 mingdan ziyod aholi doimiy ish joyiga ega bo‘ladi.
– Bundan tashqari, viloyatdagi sanoat korxonalari va tashkilotlardagi mavjud vakant ish o‘rinlariga mutaxassislar tayyorlash maqsad qilinmoqda, – deydi Toshkent viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Ziyodbek Yo‘ldashov. – Misol uchun, Bo‘ka tumanidagi quyosh foto-elektrostansiyasining qurilish ishlariga “China Datang Overseas Investment Co Ltd” kompaniyasi tomonidan 700 ta vakant ish o‘rinlari taklif etmoqda. Bunda, shu joyning o‘zida o‘qitish ishlari ham tashkil etilgan. Natijada esa, Nurafshon, Angren, Olmaliq, Yangiyo‘l, Ohangaron shaharlari, Ohangaron, Bo‘stonliq, Zangiota, Toshkent tumanlari ishsizlikdan holi hududga aylanadi.

“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi bo‘yicha joylarda tashkil etilgan mehnat yarmarkalari ko‘plab aholining bandligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Shunday mehnat yarmarkasi Parkent tumanida o‘tkazildi. Prezidentimizning 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi bo‘yicha Parkent tumani hokimligi hamda tuman Savdo-sanoat palatasi hamkorligidagi mazkur amaliy tadbirda soha mutaxassislari ish izlab kelgan fuqarolar bilan suhbatlashdi.

Tumandagi 50 dan ortiq korxonalar 200 gacha bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qildi va ko‘plab fuqarolar bilan mehnat shartnomalari tuzildi. Shuningdek, Angren shahrida ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarning turmush sharoitlarini yaxshilash va ularning kundalik daromad manbalarini yaratishga ko‘maklashish maqsadida har bir mahallalarda mas’ullar xatlov o‘tkazdi. Birinchi galda ehtiyojmand oilalar sharoitlari, mavjud imkoniyatlari birma-bir o‘rganildi. Shu asosida kambag‘allik darajasiga tushib qolgan oilalarga tikuv mashinalari berildi. Birgina “Sog‘lom” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Gulnoza G‘ofurova ham dastlab kasb-hunarga o‘qidi. Unga ham hokim yordamchisi tavsiyasi bo‘yicha subsidiya asosida tikuv mashinasi berildi.

Aytish mumkinki, yil oxirigacha Angrenda yana 40 nafardan ziyod xotin-qizlarga tikuv mashinalari berilishi reja qilingan. Bu kabi sa’y-harakatlar joylarda davom etmoqda.
A.Musayev, O‘zA.