Ishsiz yoshlar qo‘llab-quvvatlanmoqda
Bugungi kunda yurtimizning barcha hududlarida “Sayxunobod tajribasi” asosida har bir mahallada 5-7 tagacha kambag‘al, daromadli mehnat bilan shug‘ullanishga ishtiyoqi bor xonadon tanlab olinib, ular qo‘llab-quvvatlanmoqda. Mahallalarga biriktirilgan tijorat banklari mas’ullari joylardagi hokim yordamchilari ko‘magida saralangan xonadonlarda daromad manbaini yaratish, tomorqa madaniyatini shakllantirishga e’tibor qaratishmoqda.
Karmana tumanidagi Bog‘ishamol mahallasida istiqomat qiluvchi Asadbek Obloberdiyev ham o‘z daromadiga ega bo‘lishni maqsad qilgan yoshlardan biri. U 2019-yilda kasb-hunar kollejini tamomlagan. Ammo ixtisosligi bo‘yicha ish topolmagan edi. Chorvachilikka qiziqqani bois hovlisida 5-10 ta qo‘y boqib kelardi. Bank xodimi va hokim yordamchisi tomonidan o‘rganishlar davomida parandachilik va chorvachilikni rivojlantirish maqsadi borligini bildirgach, unga “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Navoiy mintaqaviy bank xizmatlari ofisi tomonidan 15 million kredit berildi.
[gallery-16991]
– 2019-yilda Texnika kollejini bitirganman. Hozirgacha ishsiz edim, – deydi Asadbek. – Bank tomonidan kredit ajratildi. Kreditdan foydalangan holda chorvachilik va parandachilikni rivojlantirish maqsadida o‘zimni o‘zim band qilayapman. Ikkita sigirim bor. Hozir sigirlarim kuniga 15-16 litr sut bermoqda. 100 ta tovuq ham oldim. Tovuqlar tuxum berish arafasida. 2 sotix yer maydoni bor. Unda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni rejalashtirganman.
Hozir yerga qadalgan karotoshka urug‘lari bir tekis unib chiqqan bo‘lsa, uzum ko‘chatlari ham hosilga kirmoqda. Shuningdek, Asadbek qo‘y va o‘rdaklar ham parvarishlamoqda.
Xullas, chorvachilik orqali o‘zini-o‘zi band qilgan qahramonimiz kelgusida faoliyatini yanada kengaytirish niyatida.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/WM881gVl5X4?si=4KjXfcfoB9jxHcTU" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat,video),
O‘zA muxbirlari