Ishonchli vakil shifokorlar bilan uchrashdi
O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodovning ishonchli vakili Shamitdin Pardayev Buxoro viloyati Shofirkon tumani ko‘p tarmoqli shifoxonasida saylovchilar bilan uchrashuvdi.
–Biz O‘zbekiston Ekologik partiyasi tarafdorlari aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni tubdan yaxshilash, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida uzluksiz ta’lim sifati darajasini ko‘tarish, ilm-fan rivojini jadallashtirish hamda madaniy-ma’rifiy sohalarni yanada yuksaltirishni davlat va jamiyatning ustuvor vazifalari, deb hisoblaymiz, – deydi ishonchli vakili Shamitdin Pardayev. – Ushbu vazifalarga erishish maqsadida tibbiyot sohasida “Sog‘lom muhit – inson salomatligi!” shiori ostida, aholi salomatligini saqlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish, fuqarolarning o‘rtacha hayot davomiyligini oshirishga xizmat qiluvchi tibbiyot sohasidagi huquqiy bazani takomillashtirishni muhim deb hisoblaymiz, bu borada tibbiyot sohasi vakillari bilan maqsadimiz bir.

Uchrashuv davomida nomzodning “Biz kelajak uchun javobgarmiz” shiori ostidagi saylovoldi dasturining bosh maqsadi – mamlakatda ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yashil taraqqiyot tamoyillarini iqtisodiyotni barcha sohalariga keng joriy etish orqali xalqimiz va kelajak avlod uchun munosib turmush sharoitlari yaratish hamda farovon jamiyat barpo etishdan iboratligi tushuntirildi.

Targ‘ibot tadbirida Ekologik partiya “Yashil taraqqiyot – farovonlik asosi!” shiori ostida ekologik barqaror rivojlanishga yo‘naltirilgan “yashil” siyosatni hayotga tadbiq etish g‘oyasini ilgari surishi ta’kidlandi.
Zarif Komilov, O‘zA