Ishlab chiqaruvchi korxona va tashkilotlarga ekologiyaga zarar yetkazmasliklari uchun qanday majburiyat yuklatilgan?
Ma’lumki, ishlab chiqaruvchi korxona, muassasa va tashkilotlarga ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiatdan oqilona foydalanish hamda atrof-muhitni ifloslantirmaslik bo‘yicha qat’iy majburiyatlar yuklangan.
Xususan, korxonalar atrof-muhitga ta’sirning yo‘l qo‘yiladigan eng yuqori darajalarini (cheklangan me’yordan ortiq chiqindi, oqova suv va gaz chiqarmalari) qat’iy nazorat qilishlari shart.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev mazkur masala yuzasidan qonunchilik asosida javob berdi:
–Faoliyati atmosfera havosiga ifloslantiruvchi moddalarni, biologik organizmlarni, issiqxona gazlari va ozonni buzuvchi moddalarni chiqarish hamda unga fizikaviy omillarning zararli ta’sir ko‘rsatishi bilan bog‘liq bo‘lgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar atmosfera havosiga chiqariladigan chiqindilarni tozalash va unga zararli fizikaviy ta’sirni kamaytirish uchun inshootlar, qurilmalar va asbob-uskunalardan, shuningdek ularning ustidan nazorat qilish vositalaridan foydalanish hamda ularning ishlash qoidalariga rioya etishi lozim.
Sanoat korxonalarining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining 783-sonli qarorida yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari va mahalliy suv tozalash inshootlarini o‘rnatish belgilab qo‘yilgan.

Korxonada ekologik ko‘rsatkichlarni yaxshilash uchun yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari hamda lokal suv tozalash inshootlarini joriy etish va modernizatsiya qilish ishlari amalga oshiriladi.
Jumladan, ushbu tadbirlar doirasida chiqindi oqimlarini to‘liq qamrab oluvchi filtrlash moslamalarini o‘rnatish asosiy texnologik yechim sifatida belgilanadi, ya’ni korxona muassasa va tashkilotlarning majburiyatlaridan biri - quvurlariga filtrlash moslamalarini o‘rnatishidir.
Ekologiyaga yetkazilgan zarar (agar u yuzaga kelsa) o‘z vaqtida bartaraf etilishi va tabiatga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya to‘lovlari to‘lanishi shart.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA