Ishlab chiqarish salohiyati yuksalmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 8-oktabrdagi 2013-2016-yillarda Jizzax viloyati sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi asosida viloyatda joriy yilning birinchi choragida 18 loyiha amalga oshirilib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 9,4 foizga o‘sdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 8-oktabrdagi 2013-2016-yillarda Jizzax viloyati sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi asosida viloyatda joriy yilning birinchi choragida 18 loyiha amalga oshirilib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 9,4 foizga o‘sdi.Sanoat ishlab chiqarishining bunday yuqori sur’atlar bilan o‘sishida yangi korxonalarning ishga tushirilishi, mavjudlarida modernizatsiya, texnik va texnologik yangilash ishlarining amalga oshirilayotgani muhim omil bo‘lmoqda. Zamonaviy texnologiyalar bilan qayta jihozlangan korxonalarda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish hajmi oshayotir.
“Jizzax kenteks” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ip yigirish korxonasi ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga talab yildan-yilga ortmoqda. 6,4 million yevrolik zamonaviy ip-yigiruv, paxta titish va lentalash uskunalari bilan jihozlangan korxona yiliga 6 ming tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega.
– Davlatimiz tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ular faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan foydalanib, ishlab chiqarish hajmini oshirayotirmiz, – deydi korxona rahbari Mo‘min Siddiqov. – “Asakabank”ning viloyat filialidan olingan 6,2 million yevrolik kredit mablag‘i evaziga zamonaviy dastgoh va uskunalar keltirildi. Ayni paytda kuniga 15 tonna mahsulot ishlab chiqarilayotgan korxonada uch smenada 200 ga yaqin ishchi mehnat qilmoqda. Ularning aksariyati Jizzax yengil sanoat kasb-hunar kollejini bitirgan yosh mutaxassislardir. Mahsulotlarimiz Xitoy, Turkiya va Rossiya kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.
“Jizzax” maxsus industrial zonasining barpo etilishi viloyat sanoatini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi. 2014-yilda hududda yiliga 50 mingta quyosh kollektori ishlab chiqaruvchi dastlabki korxona faoliyat boshlagan edi. Bu yil hududda yangi korxonlarni ishga tushirish bo‘yicha 10 loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ulardan uchtasi – avtomobil tormozlari kolodka va nakladkalarini ishlab chiqaruvchi “Auto pad systems”, burama mix va metall profillar tayyorlovchi “Master screw systems”, polipropilen quvurlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Master bilding products” korxonalari ish boshlashi bilan sanoatchilar safi yanada kengaydi.
Viloyatda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan loyihalarni bank kreditlari bilan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, joriy yilning birinchi choragida tijorat banklari tomonidan kichik biznes subyektlariga ajratilgan 81,7 milliard so‘mlik kreditning 23,4 milliard so‘mi sanoat sohasini rivojlantirishga yo‘naltirildi.
Sanoatning rivojlanishi faqat ichki bozorni to‘ldiribgina qolmay, mahsulotni eksport qilish imkoniyatini ham kengaytirmoqda. 2015-yilning o‘tgan davrida hududiy tasarrufdagi korxonalar tomonidan 3,8 million AQSh dollari miqdorida mahsulot va xizmatlar eksporti amalga oshirildi. Shuningdek, bandlik dasturiga muvofiq 8 ming 160 yangi ish o‘rni yaratilishida sanoat sohasidagi loyihalarning amalga oshirilishi muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.