Ishga joylashish uchun ro‘yxatdan o‘tishdi
Jizzax viloyatida yoshlarni ish bilan ta’minlash borasidagi tizimli ishlar yana bir amaliy natija bilan boyidi.
Zomin tumanidagi “Navoiy sanoatni rivojlantirish kompleksi” maxsus sanoat parkining “Artel Electronics Zomin” korxonasida ochiq eshiklar kuni ikkinchi bor o‘tkazilmoqda.

Tadbirda mamlakatimizda sanoatni modernizatsiya qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan keng ma’lumotlar berildi. Qatnashchilar korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologiyalar va mehnat sharoitlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu navbatdagi ochiq eshiklar kunida 1500 nafar yosh ishtirok etdi.

Mutaxassislar tomonidan bo‘sh ish o‘rinlari, talab etiladigan malaka va mehnat shartlari haqida batafsil tushuntirildi.
Eng muhimi – 850 nafar yosh ishga joylashish uchun ro‘yxatdan o‘tdi va ular bilan mehnat shartnomalarini rasmiylashtirish jarayoni boshlab yuborildi. Bu esa viloyatda yoshlar bandligini ta’minlash va sanoatda yangi kadrlar safini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amaldagi yorqin ifodasi bo‘ldi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri