Ishchi xodimlar salomatligi eng muhim masala
Buxoro neftni qayta ishlash zavodining uzluksiz va xavfsiz ishlashini ta’minlash maqsadida COVID-19 tarqalishiga qarshi choralar kuchaytirilmoqda.
"O‘zbekneftgaz" AJ ko‘magida PZR usuli yordamida koronavirus infeksiyasiga qarshi antitanalarni aniqlash uchun laboratoriya majmuasini va maxsus tibbiy texnikani sotib olish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi.
Zavod tibbiyot-sanitariya qismida COVID-19 bo‘yicha tadqiqotlar olib borish uchun tahlilxona ochildi.
“Neftchilar” shaharchasidagi zavod poliklinikasida polimeraza zanjiri reaksiyasi (PZR) tahlilxonasi ish boshladi. Bu tumandagi koronavirus infeksiyasi bo‘yicha tadqiqotlar sonini ko‘paytiradi va test natijalarini kutish vaqtini qisqartiradi. Shuningdek, Isuzu D-Max pikapi asosida tez yordam mashinasi sotib olindi.
Virus tarqalishining oldini olish uchun zavod xodimlari vaqti-vaqti bilan tekshiruvdan o‘tkaziladi. Holatlar aniqlanganda ular va ular bilan muloqotda bo‘lganlar guruhini yakkalash uchun karantin chora-tadbirlariga qat’iy rioya qilingan holda ish olib boriladi.
[gallery-2065]
"O‘zbekneftgaz" AJ yordamida xodimlar mavsumiy gripp kasalligiga qarshi emlanmoqda. Binolarni, transport vositalari va jihozlarni muntazam ravishda dezinfeksiya qilish ta’minlanmoqda. Xodimlarning haroratini o‘lchash nazorat-o‘tish punktida amalga oshiriladi. Xodimlarning ijtimoiy masofaga rioya etishi nazorat qilinyapti. Dori-darmon vositalari, shaxsiy himoya vositalari va antiseptiklarning yetarli zaxirasi yaratilgan.
"O‘zbekneftgaz" AJ tomonidan qo‘llaniladigan choralar soha ob’ektlaridagi epidemiologik vaziyatni nazorat qilishga yordam beradi hamda har bir ishchi uchun qulay va xavfsiz ish sharoiti yaratadi.
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA