Ishchi xizmatchilarga to‘lanmagan ish haqlari undirib berildi
Yaxshi bilamizki, qonunchiligimizda mehnat haqi shakli va tizimlari, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar, rag‘batlantirish tarzidagi to‘lovlar jamoa shartnomalarida, shuningdek ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib qabul qilinadigan mehnatga oid hujjatlarda belgilanadi. Mehnatga haq, qoida tariqasida pul shaklida to‘lanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 244-moddasiga muvofiq, ish beruvchi o‘zining moliyaviy holatidan qat’i nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq ushbu Kodeksning 253-moddasida ko‘rsatilgan muddatlarda to‘lashi shart. Ya’ni, mehnatga haq to‘lash muddatlari jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal normativ hujjatda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas.
Agarda fuqaro ishlab kelayotgan korxona, tashkilot, muassasaning jamoa shartnomasida ish beruvchining aybi bilan xodimga haq to‘lash belgilangan muddatlarga nisbatan kechikkani uchun xodim oylik ish haqining bir baravari miqdorida kompensatsiya to‘lanishi nazarda tutilgan.
Bunday hollarda fuqarolar javobgardan uni foydasiga to‘lanmagan oylik ish haqining umumiy summasi so‘m miqdorida ish haqi hamda ish haqi kechiktirilgani tufayli bir oylik ish haqi miqdorida kompensatsiya undirishni so‘rab, sudga murojaat qiladi.
Sud qarorlari bilan Majburiy ijro byurosi organlari ish haqi va boshqa to‘lovlarni undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari ijrosini ta’minlaydi.
Xususan, 2022-yildan fuqarolar foydasiga 56,5 milliard so‘m ish haqi undirish to‘g‘risida 3 ming 985 ta ijro ishlari joriy yilga qoldiq bo‘lib o‘tgan.
O‘tgan yilning yanvar-dekabr oylarida tashkilot va muassasalardan 87 milliard so‘m ish haqi undirish haqida 6 ming302 ta ijro hujjatlari ish yurituviga kelib tushgan hamda Byuro organlarida jami 143,6 milliard so‘m undirish haqidagi 10 ming 287 ta ijro ishlari mavjud bo‘lgan.
Majburiy ijro harakatlari jarayonida 119,2 milliard so‘mlik (8903 ta) yoki 83 foiz ijro ishlari tegishli tartibda tamomlangan yoki tugatilgan.

Joriy yilning yanvar oyida tashkilot va muassasalardan 4,3 milliard so‘m ish haqi undirish haqida 240 ta ijro hujjatlari ish yurituviga kelib tushgan hamda Byuro organlarida jami 28,8 milliard so‘m undirish haqidagi 1630 ta ijro ishlari mavjud bo‘lgan.
Majburiy ijro harakatlari jarayonida birgina yanvar oyida 4,3 milliard so‘mlik (237 ta) yoki 15 foiz ijro ishlari tegishli tartibda tamomlangan yoki tugatilgan. Shuningdek, 3,8 milliard so‘mlik 385 ta ijro hujjatlari ijrosi sudlar tomonidan to‘xtatilgan.
Majburiy ijro harakatlari jarayonida qarzdorlarga tegishli mol-mulklar xatlanib, 80,2 milliard so‘mlik 50 ta mulklar tegishli tartibda auksion savdolariga chiqarilgan.
Misol uchun, fuqarolik ishlari bo‘yicha Do‘stlik tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan olib borilgan majburiy ijro harakatlari natijasida “DO‘STLIK INOVATSION TEXTIL” MCHJdan 59 nafar fuqarolar foydasiga jami 104,2 million so‘m ish haqi undirib berilgan.
Shuningdek, Majburiy ijro byurosining Mirzo Ulug‘bek tuman bo‘limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan qarzdor “O‘zbekekspertiza” AJdan undiruvchi A.Achilov foydasiga jami 85 million 774 ming 206 so‘m miqdorida oylik ish va ma’naviy zarar undirish haqidagi ijro ishi mavjud edi.
Ish haqi undiruvi ijro hujjati darhol ijro etilishi lozim. Shu sababli olib borilgan ijro harakatlari davomida qarzdorning nomiga rasmiylashtirilgan ko‘chmas mulk va transport vositalari borligi o‘rganilib, qarzdor nomiga rasmiylashtirilgan barcha mol-mulklariga qaratish yuzasidan majburiy ijro choralari ko‘rilgan.
Majburiy ijro harakatlaridan o‘z vaqtida xulosa chiqargan qarzdor korxonadan undiruvchiga salkam 86 million so‘m miqdorida ish haqi va ma’naviy zarar pullari undirib berilib, mazkur ijro hujjati tamomlangan.
Hozirgi kunda fuqarolar foydasiga ish haqi undirish to‘g‘risida ijro hujjatlari ustidan Byuro markaziy apparati tomonidan kunlik nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, sud qarorlari ijrosi yuzasidan barcha majburiy ijro harakatlari olib borilmoqda.
Alisher Toirov,
Majburiy ijro byurosining bo‘lim boshlig‘i
O‘zA