Ishchi guruh «Pskem GES» qurilish ob’ektida
Kuni kecha «O‘zbekgidroenergo» AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida barpo etilayotgan «Pskem GES» qurilish ob’ektida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Tanishuv davomida jamiyat tizimidagi tashkilotlar, loyiha, qurilish va pudratchi korxonalar rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda «Pskem GES» qurilishining tasdiqlangan reja va muddatlarga muvofiq olib borilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, mazkur ob’ektda qurilish-montaj ishlari tahlil qilindi hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Ma’lumot o‘rnida, «Pskem GES» yirik ob’ektlardan biri bo‘lib, Toshkentdan shimoli-sharqda 120 km. masofada, Chorvoq suv omboridan 45 km. tepada joylashgan. «Pskem GES»ning elektr energiya imkoniyati 248 MVtni tashkil etadi. Kattaligi bo‘yicha ushbu inshoot «Chorvoq GES»dan keyingi ikkinchi o‘rinni egallaydi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA