Ishchi guruh faoliyati va hamkorlik yanada kuchayadi
Andijonda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha yoshlar faolligida olib boriladigan tizimli targ‘ibot tadbirlari konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat OITSga qarshi kurash markazida tashkil etilgan viloyat ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
OITSga qarshi kurashish markazi mutasaddi va mutaxassislari, ishchi guruh a’zolari ishtirok etgan yig‘ilishda joriy yilning o‘tgan davrida qaror ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.
–Belgilangan ishlar tizimli ravishda, reja asosida olib borilmoqda, – deydi viloyat OITSga qarshi kurash markazi bosh vrachi, ishchi guruh rahbari Bahromjon Qorayev. – Jumladan, joriy yilning birinchi choragida viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari, 37 ta umumta’lim maktabi hamda 67 ta mahallada OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olish, uning kelib chiqishi sabablarini tushuntirish va oqibatlaridan himoyalanish bo‘yicha mutaxassislar ishtirokida uchrashuv, muloqot va davra suxbatlari o‘tkazildi.
Ana shu tadbirlarga 3 ming 400 nafarga yaqin fuqaro jalb etildi. Bundan tashqari, viloyatdagi 20 ta jome masjidida mutaxassislarimiz tayyorlagan tavsiya va ma’lumotlar asosida imom-xatiblar tomonidan “Aholi, yoshlar o‘rtasida OIV infeksiyasining oldini olish – dolzarb vazifa” mavzusida suhbatlar o‘tkazildi.
OIV infeksiyasiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish va kasallik tarqalishi ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida ishchi guruh a’zolari, mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida 2 ming nafarga yaqin uzoq muddat xorijda bo‘lib, yurtimizga qaytgan mehnat migranti OIV infeksiyasi bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazildi.
Turli tadbirlar doirasida, shuningdek, aholi gavjum bo‘ladigan maskanlarda fuqarolarga OIV/OITS kasalligining oldini olish targ‘ibotiga bag‘ishlangan 20 ming nusxaga yaqin plakat, buklet hamda eslatma axborot-targ‘ibot materiallari tarqatildi.
Yig‘ilishda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda kelgusida amalga oshirilishi zurur bo‘lgan vazifalar belgilab olindi. Xususan, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda maktab o‘quvchilariga mo‘ljallangan “Eng yaxshi videorolik” tayyorlash bo‘yicha tanlov o‘tkazish, g‘oliblarni taqdirlash, shuningdek, O‘zbekiston Musulmonlar idorasi viloyat vakilligi bilan hamkorlikda viloyatdagi jome masjidlarida juma namozlaridan avval markazlashgan holda OIV infeksiyasi, kasallik tarqalishining oldini olish bo‘yicha ma’lumotlar berib borilishi yuzasidan kelishib olindi.
Viloyatdagi ta’lim muassasalari o‘quvchi va talabalari, mahallalardagi uyushmagan yoshlar o‘rtasida OIV infeksiyasining yuqish yo‘llari, saqlanish usullari, o‘zini himoya qilishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, o‘tkazilayotgan tadbirlarni ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish yuzasidan ham taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Yig‘ilishda ishchi guruh faoliyati samaradorligini oshirish, targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish va hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.
F. Ubaydullayev, O‘zA muxbiri