Ish haqi to‘lanmagani uchun 5 ta avtomashina jarima maydonchasiga qo‘yildi
Shu sababli, ma’muriyat xodimga tegishli ish haqi va ma’naviy zarar pullarni to‘liq to‘lab berishga majbur bo‘lgan.
Sud hujjatlari qonun ustuvorligini ta’minlashda asosiy vosita bo‘lib, ularni bajarish har bir shaxs, tashkilot va davlat organlari uchun majburiydir. Bu Konstitutsiyamizda kafolatlab qo‘yilgan.
Sud hujjatlari ijro etilishi orqali adolat tiklanadi va qonun ustuvorligi ta’minlanib, fuqarolarning huquqlari himoya qilinadi. Misol fuqarolik ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudining ijro varaqalariga ko‘ra, undiruvchi D.K.ni ishga tiklash, 139.423.357 so‘m ish haqi va 6.000.000 so‘m ma’naviy zarar undirish belgilangan.
Ijro hujjatlari Majburiy ijro byurosining Buxoro shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qarorlar qabul qilinib, darhol ijro harakatlariga kirishilgan.
Ijro harakatlari davomida sobiq xodim ijro hujjatida belgilangan tartibda Buxoro shahridagi taniqli universitetga tyutor vazifasiga ishga tiklangan.
Biroq, sobiq xodim foydasiga ish haqi va ma’naviy zarar undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati ijrosi paysalga solingan.
Shundan so‘ng, majburiy ijro harakatlariga kirishilib, universitet hisob raqamiga band solinib, mol-mulklarga va avtotransport vositalariga taqiq o‘rnatilgan.
Shuningdek, ijro harakatlari davomida avtotransport vositalariga qidiruv e’lon qilinib, universitetga tegishli 5 ta avtomashina vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Shundan keyingina qarzdor universitet sud qarorini bajarishga majbur bo‘lib, ijro hujjatida belgilangan ish haqi va ma’naviy zarar pullarni to‘liq to‘lab berdi. Ijro hujjati amalda tamomlandi.
Hozirda mazkur tadbirlar davom etmoqda.