Irrigator davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi
Har yili dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi yurtimizda Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni sifatida nishonlanadi.
Ushbu sana munosabati bilan joriy yilning 9 dekabr sanasida Davlatimiz rahbarining “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxatidan Sirdaryoning Sayxunobod tumanida 27 yildan buyon irrigatsiya sohasida faoliyat yuritayotgan muhandis Zohida Rahmonovaning nomi ham o‘rin oldi. Bu xabar tuman ahli va butun soha uchun quvonchli yangilik bo‘ldi. U “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Zohidaning mehnat yo‘li deyarli to‘liq suv xo‘jaligi bilan bog‘liq.
– Har bir kanal — bu men uchun faqat suv olib o‘tish joyi emas, balki fermer va aholi hayotiga ta’sir qiladigan, dasturxonlarni to‘kin, ro‘zg‘orlarni obod va mamlakat farovonligiga ijobiy ta’sir qiluvchi muhim tarmoq, ya’ni qishloq xo‘jaligining qon tomiri hisoblanadi, – dedi Zohida Rahmonova.
27 yil mobaynida suv xo‘jaligida xizmat qilgan Zohida 2024 yil 5 martdan boshlab, Quyi-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasida bosh muhandis sifatida ishlab, suv taqsimotidan tortib ta’mirlash ishlari va yuqori tashkilotlar topshiriqlarigacha bo‘lgan barcha vazifalarni aniq va tizimli ravishda bajarib kelmoqda.
– Har kuni ertalab nasoslarni tekshirish, kanallarni ko‘zdan kechirish — bu men uchun odatiy ish, lekin bu ishlarsiz hosil va suv ta’minoti barqaror bo‘lmaydi, – deydi u.
Suv tobora tanqislashayotgan bugungi sharoitda irrigator mehnati yanada mas’uliyatlidir. Suvni to‘g‘ri taqsimlash, isrofni kamaytirish va kanallar holatini nazorat qilish uchun kunu-tun harakat talab etiladi. Zohida Raxmanova ana shu sharoitda o‘z fidoyiligi bilan ajralib turadi.
U tayyorlagan texnik hujjatlar asosida 2021–2023 yillarda Sayxunobod tumanidagi qator kanallar — jami 10,65 kilometr masofada betonlashtirilib, rekonstruksiya qilindi. Eng ahamiyatlisi shuki, bu ishlar davlat dasturlariga kiritilib, 10,85 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
– Uzoq yillik tajriba amaldagi ishlarimda juda ham qo‘l kelmoqda. Chunki malaka va tajribasiz biror maqsadaga erishish aslo mumkin emas, – deydi Zohida.
Bugun yangi kanallar suvni a’lo darajada tejamoqda, natijada fermerlar o‘z ekinlarini barqaror sug‘orish imkoniga ega bo‘lishdi. 2024 yilda esa yana 6,8 kilometrlik suv tarmog‘i rekonstruksiya dasturiga kiritilgandi. Hozir bu boradagi ishlar jadal davom etmoqda.
Zohida Rahmonova hayotda ham, ishda ham kamtarin va samimiy inson sifatida tanilgan. U tajribasini yoshlarga ayamay o‘rgatadi. Bugun uning shogirdlari irrigatsiya tizimining turli bo‘g‘inlarida samarali faoliyat yuritib, suv taqsimotining barqarorligini ta’minlashga hissa qo‘shmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri