Iroq: Hududimizdan hujum qilinishiga yo‘l qo‘ymaymiz!
Iroq hukumati biror arab davlati, xususan Iordaniyaga qarshi har qanday hujum keskin rad etilishini bildirdi. Ushbu mamlakat Tashqi ishlar vazirligi fikricha, qo‘shni davlatlar xavfsizligi Iroq milliy xavfsizligining ajralmas qismidir. Rasmiy Bag‘dod o‘z hududidan boshqa davlatlarga qarshi harakat amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidladi. Shu bilan birga barqarorlikni saqlash umumiy manfaat ekani qayd etildi. Ushbu ma’lumotni O‘zA hamkori – Birlashgan Arab amirliklarining WAM axborot agentligi tarqatgan.
Iroq hukumati xavfsizlik tahdidiga qarshi qonun va konstitutsiya doirasida choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilgan. Mamlakat kuchlari qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirib, ehtimoliy hujum haqidagi axborotni qabul qilishga tayyorligini bildirdi. Rasmiylar har qanday tahdidga tezkor, mas’uliyat bilan javob qaytarilishini ta’kidladi. Shu orqali mintaqada keskinlikning oldini olishga intilish bildirildi.
O‘z navbatida Iordaniya BAAga berilgan zarbani qoraladi. Hujum oqibatida ikki kishi halok bo‘lgani, bir necha inson jarohatlangani aytilgan. Harakat davlat suverenitetiga ochiqcha hujum, xavf ortishi sifatida baholandi.
Saudiya Arabistonida havo himoyasi tizimi sharqiy hududda 9 dronni yo‘q qilgan. Holat mintaqaga tahdid saqlanib turganini ko‘rsatmoqda. Davlatlar mudofaa chorasini kuchaytirayotgani kuzatilyapti. Ekspertlar jarayon kengroq ko‘lamli mojaroga aylanishi xavfi mavjudligini ta’kidlamoqda.
Shu bilan birga G‘azoda gumanitar vaziyat yanada og‘irlashmoqda. BMT ma’lumotiga ko‘ra, kuchli yomg‘ir tufayli kamida 120 oila boshpana muammosiga duch kelgan. Hujumlar tufayli vaqtincha boshpanalar ham jiddiy zarar ko‘rgan. Yordam guruhlari zudlik bilan zarur vositalar yetkazishga harakat qilyapti. Faqat ta’minot muammosi ishni qiyinlashtirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA