Iqtisodiy o‘sishning tayanchi – tadbirkorlar ishonchi
Mamlakat iqtisodiyotida xususiy sektor ulushini oshirish, tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va qulay biznes muhitini shakllantirishga qaratilgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Buni 2026-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirkorlik faoliyati monitoringi natijalari ham tasdiqlamoqda.
Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respublika bo‘yicha 2 487 nafar tadbirkor ishtirok etgan o‘rganishda ishtirokchilarning 64 foizi biznes yuritish sharoitlari yaxshilanganini qayd etgan. Ta’kidlash joizki, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8 foiz bandga yuqori bo‘lib, keyingi ikki yil davomida mazkur ko‘rsatkich 50 foizdan yuqori darajada saqlanib kelmoqda. Bu esa mamlakatda tadbirkorlarning iqtisodiy siyosatga ishonchi ortib borayotganini anglatadi.
Tadbirkorlarning fikricha, biznes muhitidagi eng muhim ijobiy o‘zgarishlar bank xizmatlari sifati oshgani, kredit resurslaridan foydalanish imkoniyatlari kengaygani, litsenziya va ruxsatnoma olish jarayonlari soddalashgani hamda davlat organlarining ma’muriy aralashuvi qisqargani bilan bog‘liq.
So‘nggi yillarda raqamli davlat xizmatlarining kengayishi, litsenziyalash jarayonlarining elektron shaklga o‘tkazilishi va tadbirkorlar bilan davlat idoralari o‘rtasidagi munosabatlarning soddalashtirilishi biznes muhitida ijobiy kayfiyat shakllanishiga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, tadbirkorlar tomonidan soliq ma’murchiligi, energetika ta’minoti, monopollashuv darajasi hamda bojxona tariflari bo‘yicha islohotlarni yanada jadallashtirish zarurligi ham qayd etilgan.
Tahlil natijalari mamlakatda iqtisodiy faollik barqaror o‘sish trayektoriyasiga chiqqanini ko‘rsatmoqda. Jumladan, birinchi chorakda buyurtmalar hajmi oshganini bildirgan tadbirkorlar ulushi 57 foizni tashkil etdi. Ishlab chiqarish hajmlari sezilarli o‘sdi, yuk tashish xizmatlariga talab ortdi, qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj kuchaydi. Bu esa ichki bozorda iqtisodiy faollikning kengayib borayotganini anglatadi. Ayniqsa, Toshkent viloyati, Navoiy, Andijon, Namangan va Xorazm viloyatlarida iqtisodiy faollikning o‘sishi respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori bo‘ldi. Ishlab chiqarish, turizm, ta’lim, umumiy ovqatlanish va qishloq xo‘jaligi tarmoqlari ushbu o‘sishning asosiy drayveriga aylandi.
Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatidagi natijalar alohida e’tiborga loyiq. Bu hududlarda tadbirkorlarning 60 foizi biznes muhiti yaxshilanganini bildirgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 14 foiz bandga yuqori hisoblanadi.
Hududda ishlab chiqarish, umumiy ovqatlanish, kommunal xizmatlar, ta’lim qishloq xo‘jaligi sohalarida faollik sezilarli darajada oshgan. Shuningdek, bank xizmatlari sifati, kredit olish imkoniyatlari, raqobat muhiti, litsenziyalash jarayonlari va elektr ta’minoti bo‘yicha ham ijobiy baholar yuqori bo‘lgan.
Iqtisodiy o‘sish mehnat bozorida ham o‘z aksini topmoqda. Qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj oshganini bildirgan tadbirkorlar ulushi 50 foizga yetdi. Ayniqsa qurilish, ishlab chiqarish, turizm, qishloq xo‘jaligi sohalarida yangi ish o‘rinlari yaratishga bo‘lgan talab yuqori baholanmoqda. Bu esa aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishda muhim omil hisoblanadi.
Tahlillar tadbirkorlik sub’ektlarining investitsiyaviy faolligi ortib borayotganini ham ko‘rsatmoqda. So‘rov ishtirokchilarining qariyb yarmi kelgusi choraklarda kredit mablag‘lariga ehtiyoj yanada ortishini bildirgan. Bu, birinchi navbatda, qurilish, ishlab chiqarish, maishiy xizmat, qishloq xo‘jaligi, umumiy ovqatlanish sohalarida investitsiya loyihalari kengayishi bilan izohlanadi.
Shu bilan birga, tadbirkorlar ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanishga to‘sqinlik qilayotgan ayrim muammolar saqlanib qolayotganini ham ta’kidlamoqda. Ular orasida gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar, aylanma mablag‘lar yetishmasligi, soliq ma’murchiligidagi ayrim murakkabliklar, ichki talabning cheklangani, avtomobil yoqilg‘isi narxining qimmatlashuvi yuqori ijara xarajatlari asosiy omillar sifatida qayd etilgan. Bu masalalarning bosqichma-bosqich hal qilinishi ishlab chiqarish quvvatlaridan yanada samarali foydalanish imkonini beradi.
Tahlil natijalarida eng e’tiborli jihatlardan biri, tadbirkorlarning mamlakat iqtisodiyoti istiqboliga bo‘lgan yuqori ishonchidir. So‘rov ishtirokchilarining 71 foizi kelgusi uch yil davomida mamlakat iqtisodiyoti va biznes muhiti yanada yaxshilanishiga ishonch bildirgan. Bu ko‘rsatkich tadbirkorlarning investitsiya faolligini oshirish, yangi ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish va biznesni kengaytirish bo‘yicha rejalari mavjudligini ham anglatadi.
Xulosa o‘rnida aytganda, 2026-yilning birinchi choragi natijalari mamlakatda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar tadbirkorlik muhitiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganini yana bir bor namoyon qildi. Bank-moliya tizimidagi o‘zgarishlar, litsenziyalash jarayonlarining soddalashtirilishi, raqobat muhitining yaxshilanishi va ma’muriy to‘siqlarning qisqarishi tadbirkorlik faolligini rag‘batlantirmoqda. Biroq iqtisodiy o‘sish sur’atlarini yanada jadallashtirish uchun energetika ta’minotini barqarorlashtirish, soliq ma’murchiligini takomillashtirish, aylanma mablag‘larga yetishuvchanlikni oshirish va ichki talabni qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalar dolzarbligicha qolmoqda.
Eng muhimi, tadbirkorlar kayfiyatining yuqori ekani mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishi va xususiy sektor rivojlanishining mustahkam asosga ega ekanini ko‘rsatadi. Bu esa Yangi O‘zbekiston iqtisodiyotida xususiy tadbirkorlikning yetakchi kuchga aylanib borayotganining yana bir amaliy isbotidir.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA