Iqtisodiy islohotlar: yangi o‘sish nuqtalari va hududlar salohiyati
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida joriy yilning birinchi yarim yilligida mamlakat iqtisodiyotida erishilgan natijalar tahlil qilinib, yilning ikkinchi yarmida iqtisodiy o‘sish sur’atlarini yanada jadallashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi murakkab global iqtisodiy sharoitda asosiy maqsad faqat erishilgan ko‘rsatkichlarni saqlab qolish emas, balki ichki zaxiralarni to‘liq ishga solish, yangi o‘sish nuqtalarini shakllantirish hamda aholi farovonligini izchil oshirishdan iborat.

Joriy yilning birinchi yarmida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 8,5 foizga o‘sdi. Sanoatda 8 foiz, xizmatlar sohasida 16,9 foiz, qurilishda 13,8 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,7 foizlik o‘sish qayd etildi. Shuningdek, sarmoyalar hajmi 28 milliard dollarga, eksport esa 14,4 milliard dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkichlar iqtisodiy islohotlar o‘z samarasini berayotganini tasdiqlaydi.
Yig‘ilishda iqtisodiy o‘sishning asosiy mezoni statistik raqamlar emas, balki uning aholi turmush darajasidagi amaliy ifodasi bo‘lishi kerakligi alohida ta’kidlandi. Yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini ko‘paytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va hududlarda yashash sharoitini yaxshilash barcha darajadagi rahbarlar faoliyatiga beriladigan asosiy baholash mezoni sifatida belgilandi.
Bu vazifalarni amalga oshirishda mahalla tizimi muhim o‘rin tutadi. Mahallalar bilan manzilli ishlash, aholi muammolarini joyida hal etish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va bandlikni ta’minlash orqali iqtisodiy o‘sishning quyi bo‘g‘inini mustahkamlash ko‘zda tutilmoqda.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi sohasidagi imkoniyatlar ham atroflicha muhokama qilindi. Ayniqsa, chorvachilik tarmog‘ida mahsuldorlikni oshirish, naslchilikni rivojlantirish, zamonaviy komplekslarni tashkil etish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Bu yo‘nalishda Qashqadaryo viloyati katta salohiyatga ega. Keng yaylovlar, boy chorvachilik an’analari hamda mehnat resurslari sohani yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Davlat tomonidan berilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari, imtiyozli moliyaviy mexanizmlar va naslchilikni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar hududda go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishga xizmat qilmoqda.
Sanoat va eksport yo‘nalishlarida ham ichki imkoniyatlarni to‘liq safarbar etish muhim vazifa sifatida belgilandi. Keyingi yillarda ishga tushirilgan yangi ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va tashqi bozorlarda milliy mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Qashqadaryo viloyatida mavjud tabiiy resurslar, sanoat infratuzilmasi va qishloq xo‘jaligi salohiyati mazkur vazifalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyat yaratadi. Xususan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hamda eksport hajmini ko‘paytirish hudud iqtisodiyotining barqaror o‘sishiga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, milliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash, logistika va moliyaviy infratuzilmani takomillashtirish bo‘yicha ham qator muhim vazifalar belgilab berildi. Bu choralar iqtisodiyot tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish va xususiy sektor faolligini kengaytirishga xizmat qiladi.
Umuman, mamlakatimiz iqtisodiyoti sifat jihatidan yangi bosqichga chiqmoqda. Endi asosiy e’tibor investitsiyalarni samarali o‘zlashtirish, eksport salohiyatini yuksaltirish, hududlarning ichki imkoniyatlarini to‘liq ishga solish va har bir tarmoqda qo‘shimcha o‘sish nuqtalarini yaratishga qaratilmoqda. Buning pirovard maqsadi esa iqtisodiy o‘sish samarasini aholi turmush darajasi, bandlik, daromadlar va hayot sifatidagi ijobiy o‘zgarishlarda namoyon etishdan iborat.
Davron Kesimov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari,
Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi deputati.
O‘zA