Iqtisod va siyosat uyg‘un
Xitoy davlatining hududi 9,6 mln kv.kilometrni tashkil etadi. Aholisi 1,5 mlrd.nafarga yetgan. Aslida bu raqamlarni “hazm qilish” qiyin. Ammo Xitoy bugun ko‘p sohalarda dunyo miqyosida birinchi bo‘lib turibdi.
– Iqtisod muhim, ammo siyosat undan ortda emas. Ular tenglashgandagina o‘sish ro‘y beradi, – deydi Xitoyning CSN axborot agentligi Shinjon bo‘limi bosh muharriri Van Szinshen. – Siyosat esa avvalo matbuotga munosabat, uni qo‘llab-quvvatlashni rivojlantirishdan iborat.
Bu Van Szinshenning Xitoyda davlatning OAVlari va jurnalistikaga rasmiy munosabati haqidagi fikri edi.

Endi Xitoyning mo‘’jaz shaharlaridan biriga e’tiboringizni qaratamiz.
Alashankou shahri Shinjonning g‘arbiy-shimoliy qismida, Qozog‘iston bilan chegarada joylashgan. U Bortala Mongol avtonom prefekturasi tarkibiga kiradi va Xitoyning Markaziy Osiyo hamda Yevropa bilan savdo aloqalarida muhim ahamiyatga ega transport markazi hisoblanadi.

Alashankou mashhur Jung‘or darvozasi (Dzungarian Gate) deb ataluvchi tabiiy tog‘ dovonida joylashgan. U asrlar davomida Sharq va G‘arbni bog‘lovchi muhim yo‘lak bo‘lib xizmat qilgan. Shahar Qozog‘istonning “Dostlik” temir yo‘l chegara punkti bilan tutashgan.
Alashankou qadimgi Ipak yo‘lining muhim nuqtalaridan biri bo‘lgan. Zamonaviy taraqqiyoti esa XX asrning oxirlarida boshlandi. 1990-yillarda Xitoy va Qozog‘iston o‘rtasida temir yo‘l aloqasi yo‘lga qo‘yilib, yangi hudud tez sur’atlarda rivojlana boshladi. 2012-yilda unga rasman shahar maqomi berildi.

Alashankouni mo‘’jaz shahar dedik, lekin u bugungi kunda Xitoyning eng yirik quruqlik portlaridan biri hisoblanadi. Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi yuk poyezdlarining katta qismi aynan shu yo‘nalish orqali harakatlanadi. Bu yer orqali konteynerlar, sanoat mahsulotlari, neft va boshqa yuklar tashiladi.
Shaharda 11 mingdan ortiq doimiy aholi istiqomat qiladi. Biroq tranzit savdo, logistika va bojxona xizmatlari bilan bog‘liq vaqtinchalik ishchilar soni ancha ko‘p.

Shaharda xalqaro temir yo‘l stansiyasi, avtomobil chegara punkti va aeroport mavjud. Qozog‘iston va Xitoy temir yo‘llari kengligi turlicha bo‘lgani uchun yuklarni qayta ortish infratuzilmasi ham rivojlangan. Bu shaharni Yevroosiyo quruqlik transport koridorining muhim markazlaridan biriga aylantirgan.
Alashankou aholisi uncha ko‘p bo‘lmagan chegara shahri bo‘lishiga qaramay, uning geosiyosiy va iqtisodiy ahamiyati juda katta. U Xitoyning Markaziy Osiyo va Yevropa bozorlariga chiqishidagi asosiy quruqlik darvozalaridan biri bo‘lib, yangi Ipak yo‘li loyihasining muhim tayanch nuqtasi sifatida rivojlanishda davom etmoqda.

Shu kunlarda Alashankou shaharchasi Xitoy hamda Markaziy Osiyo medialari vakillarini birlashtirgan forumga mezbonlik qildi. Uning ishida avvalo Xitoyning yetakchi axborot agentliklari va OAVlari rahbar hamda jurnalistlari, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondan bo‘lgan taniqli ijodkorlar, gazeta, televideniye, internet sayti yetakchilari qatnashdilar. Asosiy maqsad OAVlari hamkorligini mustahkamlash, xalqaro munosabatlarni yoritishda faollikni ta’minlash va zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llashda tajriba almashish edi.
Muloqot, munozara va ma’ruzalarda zamon tez o‘zgarayotgani, matbuot esa ayrim hollarda ortda qolayotgani ta’kidlandi. Har bir davlat tashqi siyosatini shakllantirishda matbuotning xolis munosabati, jamoatchilik fikrini shakllantirishdagi o‘rni tahlil qilindi. Xitoylik hamkasblar iqtisod va siyosat hamqadam, matbuot esa siyosatni belgilashda ta’sirli kuch bo‘lishi lozim, degan g‘oyani ilgari surdilar.
Forumda Xitoy va Markaziy Osiyo jurnalistik tashkilotlari hamjamiyatini tuzish taklifi ham yangradi va qo‘llab-quvvatlandi.
Xalqaro anjuman ishtirokchisi bo‘lgan o‘zbekistonlik jurnalistlar Yangi O‘zbekistondagi islohotlar, jumladan, so‘z va matbuot erkinligi, shoir va yozuvchilar, san’at, madaniyat va ijod ahlini qo‘llab-quvvatlash haqida gapirib berdilar. Mintaqa OAVlari va jurnalistik tashkilotlari hamkorligini rivojlantirish dasturini ma’qulladilar. Shuningdek, shu kabi miqyosdagi mediaforumni O‘zbekistonda ham o‘tkazish taklifini bildirdilar.
Muhammadjon Obidov, O‘zA
Xitoy, Alashankou shahri.