Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlovchi platforma ishga tushdi
Bugungi kunda mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni birlashtirish, ularning innovatsion g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.
Mamlakatimizning eng iqtidorli yoshlari, intellektual salohiyatga ega yetakchilarni bir makonda jamlash maqsadida Prezident iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamjamiyatining rasmiy platformasi ishga tushirildi.
"oavlod.uz" deb nomlangan platforma orqali yoshlarning innovatsion g‘oyalari, ilmiy ishlanmalari-hamda startap loyihalarini keng jamoatchilikka taqdim etish, o‘zaro fikr va tajriba almashish uchun qulay imkoniyatlar yaratadi.
Shuningdek, u yoshlarning xalqaro maydonda raqobatbardosh bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirishiga xizmat qiluvchi muhim maydon bo‘lishi ko‘zda tutilgan, deyiladi Ixtisoslashtirilgan talim agentligi ma’lumotida.
Mazkur platforma Prezident maktablari, Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internati, “Yangi O‘zbekiston” universiteti bitiruvchilari, “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi ishtirokchilari hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlarini yagona hamjamiyatga birlashtiradi.
Shuningdek, u orqali mamlakatimiz yoshlari o‘z ilmiy yutuqlari, startap loyihalari va liderlik salohiyatini keng jamoatchilikka namoyon etish, xorijiy universitetlar hamda mutaxassislar bilan bilim va tajriba almashadi.
Marhabo Hojiakbarova, O‘zA