Iqtidorli yoshlar uchun imkoniyat
Yurtimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan biz kabi yoshlarga o‘z iqtidor va salohiyatini to‘laqonli yuzaga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Keyingi yillarda barcha jabhalarda bo‘lgani kabi tasviriy va amaliy san’atni rivojlantirish, mazkur yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan ijodkorlar, ayniqsa, yosh iqtidorlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali” haftaligi, “Kamoliddin Behzod izdoshlari”, “San’at va madaniyat”, “Navqiron O‘zbekiston!”, “Rasmlar jilosi – ona diyor” singari musavvirlarning ijodiy tanlovlari biz yosh rassomlarga keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi “Andijon viloyati Bobur shahrida rassomlar festivalini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan rassomlar festivali yosh rassomlar uchun shubhasiz, mahorat, tajriba maydoniga aylanadi.
Bobur shahrida may oyida bo‘lib o‘tadigan ushbu festival yurtimizda tasviriy san’at sohasini rivojlantirishga xizmat qilishi bilan birga, mo‘yqalam ahli, ayniqsa, yosh musavvirlarga o‘z iste’dod, mahorat va salohiyatlarini yuzaga chiqarishlariga ko‘mak beradi.
Muqaddas Abdug‘aniyeva,
ADU tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishi 2-bosqich talabasi,
“Kamoliddin Bexzod izdoshlari” respublika tanlovi g‘olibasi.
O‘zA.