Iqtidorli ijodkor o‘quvchilar saralandi
Andijon shahridagi Muhammad Yusuf nomli ijod maktabida “Ijod yoshlari” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 1 apreldagi “Ijod maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘quvchilarning nazm, nasr, badiiy publitsistika, adabiyotshunoslik yo‘nalishlari bo‘yicha iste’dodlarini qo‘llab-quvvatlash, ijodkor o‘quvchilarni erta aniqlash, o‘zbek va jahon adabiyotiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida ikki bosqichda tanlov o‘tkazildi. Viloyat bosqichida uning tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan, 4-, 5- va 6- sinflarida tahsil olayotgan 60 nafarga yaqin iqtidorli o‘quvchi ishtirok etdi.
[gallery-23223]
Ishtirokchilar o‘zlari o‘qigan fanlar bo‘yicha o‘rganish, anglash, mulohaza qilish singari qator yo‘nalishlarda tuzilgan savollar doirasida matn tuzish va ijodiy suhbat shartlari asosida bilim hamda iste’dodlarini sinovdan o‘tkazdi.
Tanlov adolatli, shaffof, onlayn kuzatuv asosida o‘tkazildi. Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, eng yaxshi natijaga erishgan uch nafar 6-sinf o‘quvchisi g‘olib deb topilib, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabiga imtihonlarsiz kirish huquqiga ega bo‘ldi.
Tanlovda g‘olib bo‘lgan 4- va 5- sinf o‘quvchilari esa 6- sinfda o‘qiyotgan yili tanlovning viloyat bosqichida bevosita qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar tanlov tashkilotchilari tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari